Jamiyat | 19:30 / 31.01.2017
10737
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligida kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Xalq ta'limi vazirligining 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”dagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari B.Daniyarov kirish so‘zi bilan ochib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2017 yilga mo‘ljalangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan vazifalarga batafsil to‘xtaldi.

Yig‘ilishda hay'at a'zolari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta'limi boshqarmalari boshliqlari, davlat pedagogika hamda xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari rektorlari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining mintaqaviy filiallari direktorlari va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Davlat rahbarining ma'ruzasida ta'kidlanganidek, maktabgacha ta'lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularda bolalar qamrovini oshirish, tajribali pedagog va mutaxassislarni jalb etgan holda, o‘quv reja va dasturlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bolalarda kitobxonlik madaniyatini oshirish kabi dolzarb vazifalarga alohida  e'tibor qaratish zarurligi e'tirof etildi.   

Mazkur yig‘ilishda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni jiddiy ravishda kengaytirish, ularni maktab ta'limiga tayyorlash sifatini oshirish, maktablarda zamonaviy ta'lim dasturlarini joriy etish asosida ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, shuningdek, o‘quvchi-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, maktabdan tashqari ta'lim muassasalarida o‘quvchilarni qiziqishi va qobiliyatini yanada yuksaltirish, ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish borasida rahbarlarning mas'uliyatini oshirish kabi vazifalar 2017 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan eng muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar e'tirof etilishi barobarida kamchiliklar ham atroflicha muhokama etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan so‘zga chiqqan ma'ruzachilar ta'lim sifati va samaradorligini kuchaytirish, ta'lim muassasalari rahbarlarining mas'uliyatini oshirish, bolalar musiqa va san'at hamda sport maktablari faoliyatini jonlantirish yuzasidan fikr-mulahazalarini bildirar ekan, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berildi. Xodimlarning kasb darajasi va malakasini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, ish faoliyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Hay'at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Unda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid