Jamiyat | 19:56 / 14.06.2017
39141
17 daqiqa o‘qiladi

Kuni Matmusalarga qolayotgan o‘zbek teatri (Sahna ortiga nazar)

«Hurriyat» gazetasining 14 iyun kungi sonida taniqli adabiyotshunos, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayevning «Bizga rejissyor kerakmi, o‘zi?!» sarlavhali maqolasi nashr etildi. Ushbu keskin tanqidiy ruhdagi maqolada o‘zbek teatrining ahvoli tahlil qilingan, rejissura inqirozga yuz tutayotgani alamli so‘zlar bilan ifoda etilgan. «Kun.uz» o‘zbek ziyolilarida shunday jur'at uyg‘onishiga xayrixohlik bildirgan holda, ushbu maqolani qayta nashr etdi.

Achchiq, ammo ochiq gaplar – «Bizga rejissyor kerakmi, o‘zi?!»  

Dabdurustdan bunday savol qo‘yish g‘alatiroq tuyulishi tabiiy. Bugun tomosha degani ko‘paygandan ko‘payib, san'at nariroq tursin, ne-ne ma'naviy bang, oldi-qochdi kino, spektakl, serial, klip, shou va hokazolar uchun ham rejissyor degani talabgir bo‘lib turgan paytda bunday savol qo‘yish, albatta, noo‘rindek. Ammo, ne ajabki, bugun o‘zbekka rejissyor kerak emas ekan. Aniqrog‘i, o‘z ishini puxta biladigan, spektakl degan hodisani miridan sirigacha yuragidan o‘tqazib, uni rosmana san'at o‘laroq jamiyatga taqdim etadigan yuksak prfessional san'atkor rejissyor kerak emas ekan. Nari-beri qitiq qo‘zg‘aydigan, u-bu voqea laxtakni amallab bir-biriga yopishtirib, tangroq vaziyatdan chiqib ketadigan, uncha-buncha pichratqi ehtiroslarni qo‘zg‘atib, ko‘zga nam, lab-lunjga ta'm sola biladigan chalamulla, anchayin ajabtovur, gapdon, uchar bir kas bo‘lsa kifoya: bosa-bos shou-tomosha, bada-bang shoh tashlab o‘yin-kulgu, qiyqiriq, jazava...

Ey, Xudo, qachon bu xaloyiqqa aql, insof, o‘y-tushuncha kiradi, deb kuyinganingcha qolaverasan. Chunki yakkasan, ta'qibli nigohlarga, ta'na-malomatlarga chidolmay atrofingni tark etib ketganlar tufayli yolg‘izlanib, kurashlarda toliqqansan, “bore, kerakmi bitta savil jonimga”, deb yuborar darajaga kelib qolib, o‘zingni faoliyatsizlikka hukm etasan... Ammo... ammo qani o‘sha “e..., bore...”dan topadigan halovating?! Yo‘q..., yo‘q u! Chunki bu qismat – Yaratgan egangning peshonangga yozgani – tamg‘asi. Malomat qiladimi, ta'na-dashnom beradimi, ne bir imkoniyatu martaba, jichchagina amalu umidvorlikdagi unvonu nishon-barining andishasini yig‘ishtirib, o‘zingni jabhaga otasan, bo‘lgancha bo‘lar deysan, qismatdan yuz burolmaysan – tavakkali Xudo! Yozuqmi bu yoki baxt, har qalay, vijdon bilan yashash, “Jim turolmayman” (“Ne mogu molchat!”) degan Tolstoy boboga o‘xshab faryod urish ko‘z o‘ngida voqe bo‘lib turgan adolatsizlikka ko‘nikolmay, mung chekadigan tanqidchi – mushohadali, munosabatli odamning, mutaxassisning va, eng muhimi, fuqaroning vazifasi, haqqi rost burchidir, avvalo. Shu andishada mohi-ramazonning o‘n birinchi sahari qo‘lga qalam oldim. Sababi bois o‘ninchi kun ramazon iftoridan so‘ng Bahodir aka Yo‘ldoshevning qo‘ng‘iroq qoqib, alamu angiz kaminaga qilgan malomatlari, “o‘zbekka rejissyor kerakmi o‘zi?!” deya qayta-qayta bergan alamli savollari bo‘ldi. 

Malomatki – jon-jonimdan o‘tkulik: teatrlarda yangi tomosha bo‘lsa, borib oshini yeb, maqtab kelaverasanlarmi, direktorlarning ellik dollarlik xarajatiga sotilib ketaverasan, degan tuhmat toshlari... 

Alamki – kuni kecha (shu gaplardan ikki kun avval) O‘zbek davlat drama teatriga vazirning birinchi o‘rinbosari shaxsan borib, O‘zbekiston san'at arbobi, atoqli rejissyor Olimjon Salimovni butun jamoaga bosh rejissyor sifatida tanishtirib kelsa-yu, Olimjon aka bor jamoa kimlardan iborat ekan, bilib olay deya shtat jadvalini so‘rab surishtirgani uchun u yerda vaqtincha vazifa bajarib o‘tirgan direktor (aslida direktor o‘rinbosari lavozimidagi kasbi kori teatrga mutlaqo aloqasiz) yigitcha “Sening ishing spektakl qo‘yish, teatrda kim ishlaydi, bu yerga kim kirib-chiqadi, ishing bo‘lmasin” deya otasi tengi odamni, O‘zbekistonning ko‘zdagi atoqli rejissyorini behurmat qilib, do‘q urib, haydab solgani... Yanaki, vaziri a'zamning o‘zi iltimos qilib, Bahodir Yo‘ldoshevning qiyin-qistovi bilan Olimjon Salimov teatr bosh rejissyorligiga ne bir andishalarda borgan bo‘lsayu, “shu dargohga rozi bo‘lib keldimmi, endi qorin uchun emas, qadr uchun, o‘zbekning san'ati, teatr deb yurgan kattayu kichik qora ko‘zlari haqqi biror o‘zgarishlar qilishim kerak. O‘zbekiston yangi pallaga qadam qo‘ydi, Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich olamshumul ishlar bilan yurtni taraqqiy ettirish tadoriklarida yonib yurganida unga hamfikr, hamqadam bo‘la bilaylik”, degan yangigina bosh rejissyor hali tayin ish boshlamay, poygakdagi o‘rniga ishora qilinib tursa?.. Buni ne deb, qanday tushunmoq kerak?

Bahodir akaning fig‘oni oshib, yana kaminaga nishlarini sanchadi: “Ey, baraka topkurlar, meni emas, Olimjon Salimovni emas, teatrni, o‘ttiz yettita o‘zbek teatrini himoya qilinglar har xil kasu nokaslardan. Qachongacha rejissyor zoti xor bo‘ladi?! Mannon Uyg‘ur sho‘ro paytida, mafkuradan og‘ib ketayapti deb, bir muddat bosh rejissyorlikdan olinib, chekkaga surib qo‘yilgan bo‘lsa, To‘la aka (Toshxo‘ja Xo‘jayev) san'atdagi diletantlar tufayli teatrdan bezib, ichkilikka berilib, ajalidan besh kun burun o‘lib ketgan bo‘lsa, Ergash Masafayevning qismati yoki o‘zimning, Olimjonning talabchanligimiz uchun boshimizda o‘ynagan malomat qamchilari, xo‘r-xorliklar – qachon tugaydi bular?! Kim himoya qiladi bizni?! Nima, O‘zbekistonda rejissyor degani shunchalar ko‘pmi? Azbaroyi ko‘pligidanki, yoshim yetmish ikkiga kirib maydonma-maydon yugurib yuribman. Rosmana san'atkor rejissyorning yo‘qligidan, tayinli tayyorlanmayotganidanki, Olimjonni yuragi kasal holida, yetmish yoshida “Teatrga bor, shuncha umid bilan yurgan aktyorlar – umri behuda o‘tmasin” deya majburlab iltimos qilib tursak. Oxiri bormi, bu bemazagarchiliklarning?!”

Bu gaplar, bir qarashda, xususiy xolatga tegishlidek tuyuladi. Ha, endi, teatrchilik, baland-past gaplar hamisha bo‘lgan, bo‘laveradi. Shunga ham “ota go‘ri qozixonami?! Undan ko‘ra uch-to‘rt kun burun e'lon qilingan “Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori va unda tasdiqlangan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora tadbirlar Dasturi xususida so‘zlashsak ma'qulmasmidi, deb qolasan. Baayni shunday, haqqi rost! Ammo Bahodir akaning kuyinib, alamlanib aytgan gaplari ayni shu hujjatga bevosita aloqador ekani ham lop-lop xayolingga kelaveradi. San'atni rivojlantirish va takomillashtirish degani, albatta, rejissyor kadrlarning iste'dodi, salohiyati bilan chambarchas bog‘liq jarayonki, haqiqiy rejissyorsiz san'at, ayniqsa, teatr san'ati sira rivojlanishi, inchunun, takomillashishi mumkin emas. 

Mannon Uyg‘ur 22 yoshida “Turon” truppasi (hozirgi Milliy teatr) yetakchisi bo‘lgan edi. Toshxo‘ja Xo‘jayev 33-34 yoshlarida, Bahodir Yo‘ldoshev esa 23-24 yoshlarida katta-katta davlat tadbirlari, s'yezd, qurultoy va boshqa turli bayram tomoshalarini sahnalashtirib, durustgina hayotiy va ijodiy tajriba to‘plab, yigirma sakkiz-yigirma to‘qqiz yoshlarida hozirgi Milliy teatrning Bosh rejissyori bo‘lgan edi. Boshqa atoqli rejissyorlarimiz xususida ham shunday misollar keltirish mumkin. Ular ayni navqiron yoshlarida o‘z ijodiy “men”larini namoyon etib, jiddiy ijodiy truppalarga yetakchi bo‘la olishlarini amalda qo‘ygan spektaklari, jamoalarni yo‘naltira bilganlari bilan isbot etgan edilar. Qani ana shu an'ana va yetakchilikka qobil yetuk yosh iste'dodlar?! O‘zbek teatrining rejissyorlik va aktyorlik maktablari, an'analari bor va ular o‘n yillar davomida shakllanib, rivojlanib kelayotgan edi-ku. Nega oqib turgan daryo o‘zanlari quruqshab borayapti? Shu holatda o‘zbek teatr rejissyorligi san'atini Bahodir Yo‘ldoshev, Olimjon Salimov, Mansur Ravshanov, Karim Yo‘ldoshev, Nosir Otaboyev, Jo‘ra Mahmudov, Valijon Umarov, Sayfiddin Meliyev o‘z ijodi, izlanishlari, mahorat va ijodiy tashkilotchiliklari bilan saqlab turgan ekanlar, ularning qadriga yeta bilishimiz, asrashimiz ham zarur-ku! Ta'bir joiz bo‘lsa, teatr uchun ma'muriy xizmat xodimlari topilaveradi, bular oz emas, ammo rejissyor masalasi muhimlardan muhim. Chunki rejissyor tug‘iladi, diplom yo bir shahodatnoma bilan talaba rejissyor bo‘lib qolmaydi. Mobodo shunday bo‘lganida bugun poytaxtimizdagi aksariyat teatrlar hozirgidek bosh rejissyorsiz, yo‘lini topa olmay yurmasdi. Shuning uchun ham Bahodir akaning kuyinib aytgan fikrlari bu xususiy hol emas. Qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev ham o‘ttiz ikki millionli mamlakatning oddiy bir fuqarosi emas. U bir paytlar taniqli arbob, hozirda marhum ustozimiz aytmoqchi, “respublika mulki” – o‘zbekning faxri, boyligi. Demakki, bu odamning o‘zi kabi fikrini ham xususiy fikr deb qabul qilib bo‘lmaydi. 

Shu gaplar bilan mazkur yozuvlarga nuqta qo‘ymoqchi edim. Qarangki, qo‘limdagi ruchkani qo‘yaman deb qarasam, unda “O‘zbek Milliy akademik drama teatri – 100” deya yozib qo‘yilgan ekan. Beixtiyor bundan uch yil avval otaxon teatrimiz va ayni chog‘da o‘zbek yangi teatr san'atining bir asrlik to‘yini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilayotgan xuddi shu pallalar xotirimga keldi. Rahmatli birinchi Prezidentimizning maxsus Qarorlari e'lon qilingan va shunga muvofiq Milliy teatrda ta'mir ishlari va boshqa tashkiliy-amaliy ishlar ketyapti, hujjatli film, kitob-albom tayyorlanayapti va hokazo. Biroq eng muhimi, muhimlardan muhimi – yuz yillik sanani sahnada qanday nishonlaymiz, oliy darajadagi mehmonlarga repertuardagi qaysi spektaklni namoyish etamiz degan masala ko‘ndalang. Prezidentimizning mazkur Qarori ijrosiga mas'ul mutasaddi vakillar teatrning amaldagi biror spektaklini bayram tadbirlariga muvofiq emas, p'yesa va rejissura nochor deya ma'qul ko‘rmayapti. Vaziyatdan chiqish uchun konsert nomerlari bilan kifoyalanamizmi desa, bu yog‘i teatr-tomosha muassasasining qutlug‘ sanasi nishonlanayapti. Qarangki, 2014 yili Davlat ahamiyatidagi nufusli tadbir bundan 40 yil avval sahnalashtirilgan “Kelinlar qo‘zg‘aloni” spektakli negizida erkin kompozitsiya shaklida tomoshabinga namoyish etildi. Chunki bu spektakl yuksak rejissyorlik mahorati bilan sahnalashtirilgan va o‘zbek teatr tarixidan munosib joy olgan unutilmas mumtoz asar – teatr san'ati namunasi edi. Bu, spektaklning rejissyori esa O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev edi. 

Oradan ikki yil o‘tib, Milliy akademik teatrimiz sahnasida Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tarixiy tragediyasi yangicha talqin va tahrirda sahnalashtirildi. Mazkur spektakl premerasida ishtirok etgan o‘sha yubiley tadbiriga mas'ul mutasaddi akamiz bu safar tomosha tugagach, Milliy teatr Badiiy kengashi a'zolariga qarata: “Agar Islom Abdug‘aniyevich hayot bo‘lganlarida ularni sira ikkilanmay mazkur spektaklga taklif etgan bo‘lardim”, deb aytdilar. “Mirzo Ulug‘bek” spektaklini sahnalashtirgan rejissyor esa O‘zbekiston san'at arbobi Olimjon Salimov edi. 

R.S. Xo‘sh, aytilganlardan ne xulosa qilamiz, aniqrog‘i, kim xulosa chiqaradi? Amal kursisiga mazaxo‘rak bo‘lib, o‘ziga daxlsizlik to‘nini yopishga urinayotgan direktor o‘rinbosari – yigitchami yoki muhtaram vaziri a'zam janoblarimi? Nafsilamrini aytganda, bir yerini mo‘ychinak tishlamagan bachalarga pishang berayotgan, ularni hezlab, ortida turganlar kim ekan? Shukrki, O‘zbekistonda na Islom Karimov va na ulardan so‘ng Shavkat Miromonovich “akaxonlik” kasali urchishiga yo‘l bermadilar. Hamma narsada adolat va to‘g‘rilikni shior tutib kelmoqdalar. Lekin yana bir haqiqat ham borki, adolat va to‘g‘rilik naqqoshning nili emas – bir chizganingcha yaltillab turaversa. Ma'naviy aqidalar barqarorligi uchun hamisha va hamma yerda muttasil kurashmoq shart. Qayerda loqaydlik, beparvolik urchisa, o‘sha yerda adolat puturdan ketadi, to‘g‘rilik egrilikka aylanadi...

37 teatr – aytishga, yozishga oson. Har birida yuzlarcha inson. Yig‘ib kelsa necha minglab jamoa-jon. Shularning bariga eng avvalo rejissyor, bor bo‘lsa bosh rejissyorlar mas'ul. Demak, minglab odam-teatr mehnat ahlining taqdiri rejissyorga bog‘liq. Rejissyor fahmu farosat, fasohat bilan ularning kuch-imkoniyatidan foydalana olsa, ahli teatr millionlarning qalbiga ezgulik urug‘ini sepadi, ulug‘vor ishlarga boshlaydi, yurtni obod, ko‘ngillarni shod etadi. Asli jahon teatr san'ati ham rejissyor va rejissyorlik san'ati tufayli mavjud, yashayapti va shitob bilan taraqqiy topmoqda. 

Bundan qirq yillar narida sobiq ittifoqdagi o‘nlab akademik teatrlar orasida Hamza nomidagi o‘zbek Akademik (hozirgi Milliy) drama teatri katta-kichik rasmiy-norasmiy sanoqlarda birinchi uchlikda zikr etilardi. Rossiya va Gruziyadagi teatr san'ati darajasida sanalardi. Bu asosan teatr rejissurasi hisobiga edi. Chunki kattayu kichikligi, mahobati, imkoniyati jihatidan yuzlab kuchli teatrlar bo‘lgani holda, o‘zbek teatri rejissura hisobiga eng oldi uchlikda edi. Qarangki, bizda rejissuraning turli noxolis sub'yektiv sabablar tufayli tanazzulga ketishi teatr san'atimizning darajoti tugul, shu orada yetishgan necha avlod san'atkorlarning haqiqiy rejissura nima ekanini bilmay, o‘zida his qilmay o‘tishiga sabab bo‘lmoqda. Ajabki, ish joyi teatr bo‘la turib, teatr nimaligini bilmay o‘tish odam uchun fojyea emasmi?! Demoqchimizki, haqiqiy rejissyor talqini, tahlili, talabi va tasnifi bo‘lmagan joyda haqiqiy teatr ham yo‘q, demakki, san'at ham yo‘q. Bu nari borsa havaskorlik, xolos. Havaskorlik bilan esa biror imoratni qurib bo‘lmaydi, inchunun teatr imoratini. (Buning kulgili, ammo alamli ramziy ko‘rinishlarini marhum ustoz Erkin Vohidov “Donish qishloq latifalari”da Matmusaning tandir qurganiyu tandir kiygani, dutor chalganiyu qo‘shiq aytgani kabi qator hangomalarda yaqqol ko‘rsatib qo‘yganini bir yodga olaylik). Taassufki, bugun o‘nlab o‘zbek teatrlari “bosh”siz, ya'ni bosh rejissyorsiz, hatto tayin-tuturuqli oddiygina rejissyorsiz, aniqrog‘i kasbida savodi chiqqan, mutaxassisligi “xos”liklarini anglab yetgan yetakchilarsiz mavjud bo‘lib turibdi. Shu taxlit ketsa, ajabmaski, hademay rejissyor degani anqoning urug‘iga aylanib, kunimiz Matmusalarga qolsa. Iloho bunday bo‘lmasin, aql borida etakni yopaylik. Binobarin, mazkur hodisadan xulosa chiqarib, yanagi yil tashkil topganiga yarim asr to‘ladigan O‘zbek davlat drama teatrida sog‘lom ijodiy muhit, qizg‘in teatrchilik faoliyati bilan yashash kayfiyatini qaror toptiraylik. Toki o‘zbek teatr san'ati yana bir kuchli, baquvvat ijodiy jamoa izlanish, intilishlari bilan rivoju taraqqiyga erishsin, an'analarini davom ettirib, zamona shitobiga munosib o‘zgarish va yangiliklari bilan ma'naviyatimiz, madaniyatimiz, san'atimiz takomiliga xizmat qilsin.   
Shuhrat RIZAYeV   

Mavzuga oid