«Murabbiylar meni o‘ynatmayotgan ekan, gap o‘zimda». Isko «Oltin to‘p» tomon bormoqdami?
Isko hamisha o‘z yaqinlariga «Real» tarkibida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanishi mumkinligi haqida gapirib kelgan. U hatto bir yil oldin, madridliklar jamoasi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan uni asosiy tarkibdan chiqargan va uning «Barselona»ga o‘tishi haqida xabarlar tarqalganida ham shunday fikrda edi. Kataloniyaliklar Iskoni Inestaga o‘rinbosar sifatida ko‘rishgandi. Rejaga ko‘ra u 2018 yildan «Barselona»ga o‘tib, 20 mln yevro miqdorida yillik maosh olishi kutilgandi. Ammo futbolchi qolishga va o‘ziga imkoniyat berilishini kutishga qaror qildi. «Men osongina taslim bo‘lmayman. Bilaman, men «Real»da muvaffaqiyatga erishaman», – degandi ispaniyalik futbolchi.
Isko 2016/17 yilgi mavsumda jamoaning Chempionlar ligasidagi 10 o‘yinidan faqat ikkitasida maydonga tushdi, «Sporting»ga qarshi o‘yinda 67, «Napoli» bilan o‘yinda esa 10 daqiqa harakat qildi. Primeradagi ishtiroki esa Beylning jismoniy holatiga bog‘liq bo‘lardi. Ammo futbolchi o‘ziga ishondi va terma jamoa safida JCh-2018 saralashida Italiyaga qarshi o‘yinning asosiy tarkibidan joy olib, o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatdi.
Ispaniya va Italiya terma jamoalari o‘yini natijasi 3:0 bo‘lgani bir terma jamoaning ikkinchisidan haddan oshiq kuchli bo‘lganini anglatmaydi – shunchaki Isko o‘yinni o‘z zimmasiga olgandi. U ikki gol urib, o‘yin davomida maydonning har nuqtasida raqib futbolchilarini ojiz qoldirdi.
«Men hayratdaman. Uning jismoniy holati juda zo‘r. U endi yosh bola emas. To‘p yo‘qotilganida u yashindek harakat qiladi va to‘pni qaytarib olmaguncha to‘xtamaydi. U gol urishni qoyillatadi. Avvallari klublar skautlari ortiqcha vazni va bo‘yi pastligi uchun uni qadrlashmasdi. Inesta haqida ham 10 yil oldin shunday deyishmaganmidi? U qanotda ham o‘ynay oladi! Inesta va Isko kabi futbolchilar istalgan joyda o‘ynay olishadi. Isko Italiyaga qarshi o‘yinda qaysi pozitsiyada o‘ynadi? U hamma joyda hozir edi», – deya uning o‘yiniga munosabatini bildirgan murabbiylardan biri.
Bunday o‘yindan keyin avvalgi murabbiylari Iskoning qobiliyatiga yetarlicha baho bermagani haqida bemalol aytish mumkin (Zidan vaqtida ham vaziyat deyarli shunday bo‘ldi). Murabbiylar ahmoq bo‘lishganmi yoki avval Isko hozirgidek bo‘lmaganmi?
«Men unga imkon berganman, bir martagina emas, ammo futbolchi imkoniyatidan foydalanmasa, uni majburlayverishmaydi-ku», – deya qayd etgan Unai Emeri Mentalidad Ganadora nomli kitobida. Isko «Valensiya» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2009 yili asosiy tarkibga o‘tgan, 2010-2011 yilgi mavsumda Unai Emeri bosh murabbiy bo‘lgan davrda u jamoada 4 uchrashuvda maydonga tushgan.
Keyingi mavsumda esa «Malaga»ga transfer qilinib, u yerda Manuel Pellegrini qo‘li ostida ikki mavsum muvaffaqiyatli to‘p surgan.
Emeridan boshlanib Anchelottigacha bo‘lgan futbol mutaxassislari bir xil fikrdalar: unga qanotlarda, himoyada faollik yetishmaydi, tezlik va paslar bo‘yicha ko‘rsatkichlar yuqori emas.
Isko hamisha talantli futbolchi bo‘lgan, ammo chiroyli fintlar asosiy tarkibdan joy uchun garov emas. «Men tentak emasman. Agar Anchelotti, Benites va Zidan meni asosiy tarkibga kiritmagan ekan, gap o‘zimda», – deya tan olgandi Isko. Hozir barchasi o‘zgargan, uning mehnatlari natija bermoqda.
Xulen Lopetegi Ispaniya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishi Iskoning omadi kelishi edi. Bask bo‘lgan bu mutaxassis Iskoga alohida e'tibor qaratdi. «Fransiskoga erkinlik taqdim etish kerak, u qayerda o‘ynashni istasa, o‘sha yerda bo‘lishi kerak. Biz unga ishonamiz, hatto u klubida doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasa ham. Biz unga ishondik va u terma jamoaga foyda keltirmoqda», – deya qayd etgan ispanlar terma jamoasi murabbiyi.
Italiya bilan o‘yinda ham Lopetegi 25 yoshli futbolchiga ishonch bildirdi va hujumchisiz o‘ynashga qaror qildi. «Talantli futbolchi bo‘lish bor, buyuk futbolchi bo‘lish bor. Isko buyuk futbolchiga aylanmoqda. U o‘tgan yillar davomida o‘sdi va haqiqiy yetakchiga aylandi. U «Oltin to‘p» olishi mumkin», – deya izohlagan bask.
Hatto italyanlar termasi bosh murabbiyi Jampero Ventura uning o‘yinidan hayratlarini yashira olmadi: «Iskoning o‘yinini kuzatish rohat baxsh etadi. Maydon markazida Verrattining oyoqlari orasidan to‘pni olib o‘tgan vaziyatni qarang. Men unga qarsak chalib yuboray dedim».
Isko Alarkon Yevro-2016 saralashida 380 daqiqa o‘ynagan va bir gol urgandi. JCh-2018 saralashida esa u 356 daqiqa maydonda harakat qilib, 6 gol urishga ulgurdi.
Avval Iskoga o‘yin amaliyoti yetishmasdi, buning ortidan uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yo‘qolgan. Beylning jarohatidan keyin u asosiy tarkibga qo‘shila boshladi va qanotlarda ham harakatlanishi mumkinligini namoyish etdi. Murabbiy undan hujum ortidagi hujumchi va hujumkor yarim himoyachi amplualarida ham foydalandi.
Bundan keyin ham Zidan BBC uchligiga ishonch bildiradimi? Yoki Beyl va Benzemadan ko‘ra yaxshiroq formada bo‘lgan Isko va Asensioga yo‘l ochib beradimi?
«Barselona» prezidenti Jozep Bartomeu Isko Inestani almashtira olishiga ishonch bildirgandi. Ammo «Real» bugun futbolchi bilan shartnomani uzaytirdi. Futbolchi klub bilan shartnomani 2022 yilgacha uzaytirdi, uning badal puli miqdori 700 mln yevro etib belgilandi (avvalgi shartnomaga ko‘ra 150 mln yevro), futbolchining yillik maoshi miqdori 6 million yevro.
Isko oldindagi Yevropa chempionati yoki Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatsa, Italiyaga qarshi o‘yindagi kabi harakatlarni amalga oshirsa, «Oltin to‘p»ga da'vogarlik qila oladi.
Mavzuga oid
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
10:50 / 01.11.2024