Jahon | 15:43 / 24.11.2017
9913
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda 166 kishining umriga zomin bo‘lishda gumonlangan shaxs ozod etildi

Foto: NDTV

2008 yilda Mumbayda yuz bergan teraktning ehtimoliy tashkilotchisi Hofiz Muhammad Said Pokistonda 10 oylik uy qamog‘idan so‘ng ozodlikka chiqarildi. Bu haqda NDTV telekanali xabar bermoqda.

22 noyabr kuni Panjob viloyatidagi Lahor oliy sudi Hofiz Saidni uy qamog‘i muddati yakunlangani tufayli ozod etish to‘g‘risida qaror chiqardi.

"Biz yetakchimizni erkinlikda ko‘rishdan baxtiyormiz. Endi u – ozod inson", - deya ma'lum qildi "Jamoat-ud-Dava" tashkiloti matbuot kotibi Ahmad Nadim jurnalistlarga.

O‘z navbatida, Saidning o‘z tarafdorlariga ma'lum qilishicha, avvalroq o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmaydi. "Mening Kashmirni qo‘llab-quvvatlovchi ovozimni o‘chirish uchun 10 oy davomida saqlab turishdi", - deya aytib o‘tgan tashkilot yetakchisi. Uning ta'kidlashicha, Kashmirning Hindistondan ajralib chiqishi uchun kurash olib borishni davom ettirish niyatida.

Mumbayda hujum 2008 yilning 26 noyabr kuni yuz bergandi. O‘n nafar terrorchi shaharga Pokistonning Karachi portidan dengiz orqali kelgan. Ular guruhlarga bo‘linib, odamlarni ko‘chalar, kafelar, vokzalda o‘qqa tutishgan, so‘ng besh yulduzli mehmonxonalarga joylashib olishgan va ikki kun davomida maxsus topshiriqli guruh xodimlariga qarshilik ko‘rsatishgan. Jangarilar tufayli 166 kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Mavzuga oid