Jamiyat | 01:05 / 10.03.2018
33936
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir namanganlik tikuvchilar masalasini ijobiy hal etdi

Foto: Uzbekistan24.uz

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishda uzilishlarni oldini olish maqsadida amaliy chora-tadbirlarni qabul qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Avval, tahririyatga yetib kelgan murojaat asosida, Kun.uz'da namanganlik tikuvchilarning faoliyatida paydo bo‘lgan ayrim masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tilgandi. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov ishtirokida Namangan viloyatida o‘tkazilgan ochiq muloqot haqida xabar berildi.

Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov sohada mahsulotlarni ishlab chiqarishda uzilishlarni oldini olish maqsadida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov tomonidan bildirilgan taklifga rozilik bergan. Unda bildirilishicha, mazkur masala yechimi sifatida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan farmoyishga o‘zgartirish kiritilishiga qadar, istisno tariqasida, farmoyishda ro‘yxatga mos ravishda import qilinayotgan xom-ashyo va butlovchi qismlarga bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan holda rasmiylashtiruvini amalga oshirish yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasiga ko‘rsatma berish so‘ralgan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan namanganlik ishbilarmonlardan biri Bosh vazir ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor ayni shu masalaga bag‘ishlanganini bildirdi. Uning aytishicha, Aripov ayrim mutasaddilarning faoliyatini tanqidiy tahlil etib, tadbirkorlarni qiynab turgan muammo darhol yechim topishini so‘ragan. 

Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov «Namangan viloyatida 1,4 ming tikuv-trikotaj korxonalari faoliyat yuritishi, ular oldida paydo bo‘lgan masalani amaliy tarzda, mavhum muddatlarga qoldirmay hal qilinishi» lozimligi haqida gapirgandi.

Mavzuga oid