Kriketdan siyosatga. Pokistonning yangi bosh vaziri Imron Xon haqida nimalar ma'lum?
26 iyul kuni pokistonlik siyosatchi Imron Xon mamlakat bosh vazirligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonganini ma'lum qildi. Yangi bosh vazir siyosatga qadam qo‘yguniga qadar nimalar bilan shug‘ullangan va uning oldida qanday vazifalar turibdi.
Mohir kriketchi
Imron Xon 1952 yil 5 oktabrda tug‘ilgan. U quruvchi muhandis Ikromulla Xon Niyoziy va Shavkat Xonimlarning to‘rt qizi ichidagi yakkayu yagona o‘g‘li.
Imron Xonlar oilasi anchagina badavlat bo‘lgani uchun u yaxshi ta'lim olgan – avvaliga Loxurdagi Atkinson kollejida, so‘ngra Buyuk Britaniyadagi Vuster qirollik gimnaziyasida tahsil olgan. 1972 yilda Oksforddagi Kebl-kollejda falsafa, siyosat va iqtisodiyot bo‘yicha o‘qigan va 1975 yilda uni a'lo baholarga bitirgan.
Imron Xon 16 yoshida kriket bilan shug‘ullana boshlagan. 1976 yilda Pokistonga qaytganidan so‘ng milliy terma jamoa safida o‘ynay boshlagan va 39 yoshigacha terma jamoa sardori bo‘lgan.
Shaxsiy hayot
1995 yilda 42 yoshli Imron Xon milliarder Jyeyms Goldsmitning 20 yoshli qizi Jyemima Goldsmitga uylanadi. Xristian sifatida voyaga yetgan Jyemima (uning otasi yahudiy edi) islom dinini qabul qiladi, urdu tilini o‘rganadi va Islomobodga ko‘chib keladi.
1996 yilda Imron Xon Tahriki Insof partiyasiga asos soladi. 1997 yilda esa uning birinchi farzandi Sulaymon Iso Xon dunyoga keladi.
Tez orada Imron Xonning yahudiy ayolga uylanganligi unga qarshi ishlatilishi mumkinligi ma'lum bo‘ladi.
Ikkinchi o‘g‘li Qosimni dunyoga keltirganidan so‘ng Jyemima o‘qishini tugatish uchun tez-tez Londonga boradigan bo‘ladi. Jyemima Xon oxirgi vaqtda Buyuk Britaniyada yashay boshlaydi va ular 2004 yilda ajrashishadi.
2015 yilda Imron Xon jurnalist Reham Xonga uylanadi. Uch farzandi bilan yashovchi Reham Xon u bilan 2012 yilda, Imron Xondan intervyu olgan vaqtida tanishgan edi.
Ularning nikohi atigi 10 oy davom etadi xolos.
Imron Xon uchinchi bor 2018 yil fevralda turmush quradi. Uning bu safargi turmush o‘rtog‘i besh farzandi bilan ajrashgan va so‘fiylik maktabi yetakchisi bo‘lgan 39 yoshli Bursha Maneka bo‘ladi.
Shov-shuvli saylovlar
Pokistonda bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi bosh vazir saylovlaridan so‘ng Imron Xonning aksariyat raqiblari saylov natijalari soxtalashtirilganini iddao qilishdi.
Pokiston musulmon ligasi yetakchisi, korrupsiyada ayblanib qamalgan sobiq bosh vazir Navoz Sharifning ukasi Navoz Shohboz Sharif o‘zining Twitter akkauntida Imron Xon foydasiga "ommaviy soxtalashtirishlar" sodir etilganini ma'lum qildi, deb yozdi CNN.
Ammo 27 iyul kuni Pokiston musulmon ligasi saylov natijalarini tan olishini va muxolifat tarafiga o‘tishini ma'lum qildi.
Pokiston xalq partiyasi yetakchisi, marhum bosh vazir Benazir Bxuttoning o‘g‘li Bilaval Bxutto Zardori ham Twitter sahifasida saylov natijalarini tan olmasligini bildirdi.
Imron Xonning o‘zi esa saylovlar haqqoniy o‘tganligini ta'kidladi.
"Agarda soxtalashtirish bo‘lgan deb hisoblasangiz, tekshiruv ishlarida yordam beramiz. Agarda biror-bir partiyada qandaydir shubha bo‘lsa, tekshiruv olib borish uchun o‘sha saylov okruglari natijalarini ko‘rib chiqamiz", - dedi u.
Ayni vaqtda, radikal diniy partiyalar Milliy majlisda birorta ham ovozga ega bo‘lmaganligi ma'lum bo‘ldi.
Saylovdan oldingi va'dalar
Imron Xonning saylovoldi kampaniyasi yosh saylovchilarga qaratilgandi – 200 million aholiga ega Pokistonda yoshi 30 oshmaganlar 64%ni tashkil etadi.
Kompaniya davrida Xon tez-tez Amerika va Hindistonga qarshi nutqlar so‘zladi. U mamlakatda korrupsiyani yo‘qotishga, o‘nlab yillar davomida Sharif va Bxutto oilalari rahbarligi ostidagi Pokiston musulmon ligasi va Pokiston xalq partiyasi boshqarib kelgan Pokiston o‘rniga "yangi Pokiston"ni va'da qildi.
"Men xalq uchun mo‘ljallangan tizim kishisi bo‘lishga va'da beraman, butun siyosatimiz odamlar uchun bo‘ladi", - dedi Xon 26 iyul kuni o‘z g‘alabasini e'lon qilar ekan. Xon shuningdek, bosh vazirning rasmiy qarorgohiga ko‘chib o‘tmaslikka, u "o‘quv yurti yoki shunga o‘xshash muassasaga aylantirilishiga" va'da berdi.
"Bunday katta uyda yashashga uyalgan bo‘lardim", - dedi u.
U Hindiston bilan yarashishini ham e'lon qildi.
"Agar qashshoqlikka qarshi kurashishni istasak, u holda Hindiston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishimiz darkor", - dedi u va pokistonliklar hind xalqini hammadan yaxshiroq bilishlarini aytdi. Xon ikki davlat Kashmir atrofidagi bahsni ham hal qilishlari kerakligini bildirdi.
U AQSh bilan "o‘zaro manfaatli" va "muvozanatga asoslangan" aloqalar o‘rnatilishini aytdi va qashshoqlar uchun ish o‘rinlari yaratishga va'da berdi.
Yangi bosh vazir oldida qanday vazifalar turibdi.
Hukumatni shakllantirish uchun Pokiston xalq partiyasi yoki bir nechta kichik partiyalar bilan koalitsiya tuzish Imron Xonning birinchi vazifasi bo‘ladi.
So‘ngra u ulkan qarz inqirozi va beqaror siyosiy muhit muammosini hal qilishi lozim. Hukumat shakllantirilishi kechiksa, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yomonlashishi mumkin. Inqirozni bartaraf etish uchun Pokiston XVJga murojaat qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Imron Xonning oldida Afg‘onistondagi toliblarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab va Xitoy Pokistondagi ko‘p milliardli loyihalarni moliyalashtirayotgani sababli Islomobodga harbiy yordamni qisqartirgan AQSh bilan munosabatlarni yaxshilash vazifasi turibdi.
Mavzuga oid
15:12 / 09.11.2024
Pokistondagi stansiyada terakt: 24 kishi halok bo‘ldi
21:39 / 08.11.2024
Pokistonda havo ifloslanishi ortidan bog‘ va muzeylar yopilmoqda
11:27 / 07.11.2024
O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo bitimiga kiruvchi mahsulotlar bo‘yicha muzokara olib bormoqda
18:21 / 04.11.2024