O‘zbekiston | 21:30 / 13.09.2018
27737
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshissiqquvvati» Qatortol ko‘chasida issiqlik quvuri yorilishi bo‘yicha ma'lumot berdi

Foto: Facebook

Bugun, 13 sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Qatortol ko‘chasida quvur yorilishi natijasida issiq suv oqimi yo‘l qoplamasini yorib yubordi.

«Toshissiqquvvati» Chilonzor tuman boshqarmasi «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, avariya issiqlik tarmoqlarida quvurlar mustahkamligini tekshirish ishlari olib borilishi natijasida sodir bo‘lgan.

«Toshissiqquvvati» DUK 2018/2019 isitish mavsumiga tayyorgarlik maqsadida, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq, issiqlik tarmoqlarining rejali sinovlarini o‘tkazmoqda. Issiqlik tarmoqlari sinovlari to‘g‘risida 28 avgustdayoq OAV orqali e'lon qilingandi.

13 sentabr kuni 5-IM issiqlik manbai ta'sir doirasining mexanik zichlik va mustahkamlikka (opressovka) sinovlar o‘tkazilayotganda, Qatortol ko‘chasidagi issiqlik tarmoqlarining eskirgan uchastkasida magistral quvurning yorilishi sodir bo‘ldi, buning oqibatida asfalt qoplamasining buzilishi  sodir bo‘ldi va shu hududdagi «Spark» va «Matiz» yengil avtomobillari buzilgan asfalt qoplamasi tufayli shikastlandi.  

Hozirda sinov o‘tkazish vaqtida yuzaga kelgan avariya holatini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Avtomashinalarga yetkazilgan zararlarni qoplash maqsadida «KROSS» sug‘urta kompaniyasi tomonidan keltirilgan zararlarni baholash ishlari amalga oshirilmoqda», — deyilgan xabarda.

Foto: «Toshissiqquvvati»
Foto: «Toshissiqquvvati»
Foto: «Toshissiqquvvati»

Mavzuga oid