Jahon | 15:47 / 01.03.2019
38443
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi havo jangining bir qismi videoga tushib qoldi

Foto: Tauseef Mustafa/Agence France-Presse - Getty Images

Hindistonlik telejurnalist Ajay Jandyal Twitter’da video e'lon qildi. Unda, jurnalistning bildirishicha, 27 fevral kuni Kashmir uzra osmonda Hindiston va Pokiston harbiy-havo kuchlari qiruvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan havo jangining bir qismi tasvirlangan.

Kadrlarda osmondagi oq izlar, shuningdek, parashyutda tushib kelayotgan uchuvchini ko‘rish mumkin. Jandyalning yozishicha, bu Pokistonga qarashli F-16 uchuvchisidir. U, Nyu-Dehli ma'lumotiga ko‘ra, jang davomida urib tushirilgan.

Twitter foydalanuvchilari jurnalistning fikriga qo‘shilishmadi hamda bu keyinchalik pokistonliklar tomonidan qo‘lga olingan, Hindistonning MiG-21 uchuvchisi ekanini taxmin qilishdi.

Bundan oldin, Hindiston va Pokiston harbiy aviatsiyasi o‘rtasidagi havo jangi tafsilotlari ma'lum qilingandi.

NDTV telekanaliga ko‘ra, 27 fevralda Hindiston va Pokiston harbiy aviatsiyasi o‘rtasida yuz bergan havo jangida umumiy hisobda 32 ta harbiy samolyot ishtirok etgan.

Hindiston harbiy-havo kuchlari jangda jami 8 ta qiruvchi samolyot – 4 ta Su-30MKI, 2 ta modernizatsiya qilingan Dassault Mirage 2000 va 2 ta MiG-21’ni qo‘llagan. Jang vaqtida MiG’lardan biri urib tushirilgan. Bu Hindiston tomonidan rasman tan olingan.

Pokiston esa havoga 24 ta samolyot, jumladan 8 ta F-16, 4 ta Dassault Mirage III va 4 ta JF-17 Thunder samolyotini ko‘targan. Qolgan 8 ta samolyot guruhga hamrohlik qilib, faol harakatlar amalga oshirmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Hindiston yana bir-biriga o‘t ochgandi. Hindiston esa mamlakat dushmanlariga urush bilan tahdid qildi

Undan oldin esa Pokiston Hindistonning ikkita harbiy samolyotini urib tushirdi. Shundan so‘ng, Hindiston javob qaytarib, Pokistonning qiruvchi samolyotini yo‘q qildi.

Shuningdek, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi yadro urushining oqibatlari ma'lum qilindi.

Mavzuga oid