Chinozda yana bir moliyaviy piramida tashkil etgan shaxsga jazo tayinlandi. Ish haqida batafsil ma'lumot berildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Chinoz tuman bo‘limi tomonidan yana bir moliyaviy piramida tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi.
Departamentning Chinoz tuman bo‘limi boshlig‘i Azamatxon Saydavutovning «Huquq» nashrida yozishicha, B.X. pul topishning oson va noqonuniy yo‘lini tanlab, fuqarolarning ishonchiga kiradi.
U «Ahmadboy ssenariysi» asosida fuqarolardan pul, avtomashina, qoramol va boshqa qimmatli buyumlarni ikki barobar qilib qaytarish evaziga qabul qilib olaveradi. Vaqt o‘tgani sayin uning «mijoz»lari ham ko‘payib boraveradi. Aynan shuning hisobiga B.X.ning faoliyati kengayaveradi.
Ishni shu tariqa davom ettirgan Ahmadboyning izdoshi qisqa vaqt ichida 3 milliard 42 million 302 ming so‘m pul yig‘ishga erishadi. Mazkur mablag‘larni legallashtirish maqsadida dastlab mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkil qiladi va bankdan hisob raqam ochib, jinoiy faoliyatdan olingan 402 million 472 ming so‘m mablag‘ni «moliyaviy yordam» sifatida kiritadi. Tashkil etilgan MChJga 8 dona «Neksiya» rusumli avtomashina sotib oladi.
Yig‘ilgan mablag‘ning 248 million 996 ming so‘mini esa aksiyadorlik jamiyati tashkil qilib, uning nizom jamg‘armasini shakllantirish uchun bankdagi hisob raqamiga kiritadi. Mazkur mablag‘ hisobidan yana respublikada ishlab chiqarilgan 12 ta turli rusumdagi avtomobillarni xarid qiladi.
Jamiyatlarga kiritilgan ulushlardan ortganiga o‘zi uchun turli ko‘chmas mulk obektlari, ya'ni turli bo‘sh binolar, qum olish karerlari xarid qiladi.
Surishtiruv jarayonida ma'lum bo‘lishicha, bu shaxsga pul berganlar soni salkam 350 nafarni tashkil etgan. B.X.ga nisbatan firibgarlik, juda ko‘p miqdorda valuta qimmatliklarini olish, o‘tkazish, noqonuniy tadbirkorlik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlarini qasddan sodir etish kabi ayblovlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
21:14 / 22.10.2024
Kun.uz ogohlantirgan Whats platformasi moliyaviy piramida ekanligi tasdiqlandi: IIV jinoyat ishi qo‘zg‘agan
17:08 / 24.09.2024
Moliyaviy piramida targ‘ibotiga yo‘l qo‘ygan maktab direktori va bog‘cha mudirasi ishdan olindi
17:56 / 21.09.2024
Moliyaviy piramida uslubidagi firibgarlar davlat bog‘chalarida targ‘ibot boshladi
14:00 / 15.09.2024