O‘zbekiston | 18:20 / 10.11.2019
53820
9 daqiqa o‘qiladi

Svetlana Ortiqovaning yangi lavozimi, Tojikiston-O‘zbekiston chegarasiga hujum, yo‘qolib topilgan Abdulloh va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

OLIY TA'LIMDA KORRUPsIYaGA QARShI KURASh

5 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida prezident maslahatchilari Sherzod Kudbiyev va Abdujabbor Abduvohidov hamda DXX, prokuratura organlari vakillari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2016 yildan buyon universitetga rahbarlik qilib kelgan Bahodir Xodiyev o‘z lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda bundan buyon qabul jarayonidan boshlab bitirish jarayoniga qadar ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosiy bo‘lishi, bunga qarshi chiqqanlarga esa qat'iy jazo ko‘rilishi, «Narxoz»da ham katta tozalash ishlari ham amalga oshirilishi ta'kidlandi.

Xalq orasida «Narxoz» nomini olgan universitetga Turin politexnika universitetida prorektor va rektor lavozimlaridagi faoliyati orqali ko‘zga ko‘ringan, so‘nggi vaqtlarda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Kongratboy Sharipov yangi rektor bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq rektor (sobiq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri) Hodiyevni himoya qilib, uni korrupsiyada ayblash xatoligi ta'kidlangan bir qancha postlar yozildi. Hatto rektor ishdan bo‘shatilgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevga ta'na toshlari otildi.

O‘zbekiston Prezidentining davlat xizmati va davlat hokimiyati vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Kudbiyev esa universitetning sobiq rahbari ishdan olingan yig‘ilishda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida salbiy holatlar kuzatilgani, bundan keyin ham oliy ta'lim tizimida o‘rganishlar davom etishi, shu kabi holatlar aniqlansa, aybdorlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini aytgani ma'lum bo‘ldi.

Keyinroq universitetlar rektorlari ommaviy ravishda korrupsiyani yomonlab chiqishdi.

SVeTLANA ORTIQOVA YaNA NIG‘MATILLA YO‘LDOSheVGA O‘RINBOSAR BO‘LDI

2015 yildan buyon O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Svetlana Ortiqova O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi.

Prezident farmoni bilan senator Svetlana Boymirzayevna Ortiqovaning vakolati muddatidan avval tugatildi.

U endi o‘zi Senatda 2015 yildan 2019 yilga qadar o‘rinbosari bo‘lgan Senatning sobiq raisi, 2019 yil yozidan buyon O‘zbekiston bosh prokuroriga aylangan Nig‘matilla Yo‘ldoshevga o‘rinbosarlik qiladi.

O‘ZBeKISTON VA TOJIKISTON CheGARASIDAGI POSTGA HUJUM

6 noyabr kuni Tojikiston IIV 5 noyabrdan 6 noyabrga o‘tar kechasi 20 nafar jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi «Ishqobod» postining «Sultonobod» harbiy otryadiga hujum qilgani, to‘qnashuv natijasida noma'lum shaxslar chegarchilarning avtomatlarini egallab olgani, xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a'zosi yo‘q qilingani va 5 nafar jangari qo‘lga olingani Tojikiston tomondan bir nafar chegarachi va militsiya noziri halok bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

Ko‘p vaqt o‘tmay Rossiyadagi nashrlar o‘z manbalariga asoslangan holda bu hujum Afg‘oniston hududidan qochib o‘tgan IShID terrorchilari tomonidan uyushtirilgani haqida xabar tarqatdi.

Bu xabarlar ortidan O‘zbekiston chegarachilari Tojikiston bilan chegaradosh hududlarni qo‘riqlashni kuchaytirdi, Qirg‘iziston tomoni ushbu hujum yuzasidan xavotir bildirdi, MDH davlatlari tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlashda KXShTga yordam berishga tayyorligi, MDH chegara xizmatlari guruhi 2020 yilda harbiy mashg‘ulot o‘tkazishi haqida xabar tarqaldi, 7 noyabr kuni Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Shu kuni Afg‘oniston hukumati IShID terrorchilarining mamlakat hududidan Tojikistonga o‘tib, 6 noyabrda chegara postiga hujum uyushtirgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. 

Tojikiston davlat xavfsizlik organlari faxriysi Davlatxo‘ja Nazirov ham IShIDning chegara zastavasiga hujumi haqidagi versiya ishonchsizligi haqida aytib o‘tdi. Tojikiston IIV matbuot xizmati esa chegara zastavasiga hujum qilganlarning aksariyati tojikistonliklar, ular orasida ayollar ham bo‘lgani haqida ma'lumot berdi.

Telegramdagi davletovuz kanali ushbu hodisani «shubha va tasodiflarga to‘la terrorchilik harakati» deb atadi. «Uzoq vaqt Rossiya ommaviy axborot vositalari ma'lum miqdordagi terroristlar Suriyadan Afg‘onistonga uloqtirilgani haqida rosa yozdi. Terroristlar ham shuncha aholi punkti qolib O‘zbekiston chegarasi yaqinidagi zastavaga hujum qilibdi. Nima emish: «eng qulay joy emish», deya bu xabarlar asosan Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan yozilayotganiga e'tibor qaratdi kanal muallifi.

ABDULLOH QAYeRDA?!

2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Abdulloh qayerda?» sarlavhasi ostidagi post tarqaldi. Unda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro Dilmurod Tohirovning 20 yashar o‘g‘li Abdullohni IIB xodimlari olib ketib, bir haftadan buyon daragini bermayotganiga oid fikrlar bayon etilgan. Kun.uz muxbiri mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida yo‘qolib qolgan yigitning otasi, oila yollagan advokat va viloyat IIB rasmiysi bilan suhbatlashdi.

Otasi Abdulloh o‘z boshqaruvidagi avtomobilda viloyat IIBning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashev boshqaruvidagi avtomobil bilan to‘qnashib ketgani, shikastlangan mashinani ustaxonaga olib borishgani, shu orada mashinani videoga ham olishgani, aynan shu harakat o‘g‘li olib ketilishiga sabab bo‘lgani haqida gapirgan. Andijondagi IIB xodimlari esa «Abdulloh Rossiyada ishlab yurganida nozik odamlarni so‘kib qo‘ygani, shunga Toshkentga olib ketilgani» haqida ma'lumot bergan.

Hafta davomida ijtimoiy tarmoq «Abdullohni izladi».

Yoshlar ittifoqi Abdulloh bo‘yicha rasmiy bayonot berib, tashkilot ushbu hodisa bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotgani, u bilan Ichki ishlar vazirligi emas, boshqa idora shug‘ullanayotgani va tez orada rasmiy ma'lumot berilishi kutilayotgani haqida ma'lum qildi.

«Adolat» sotsial-demokratlar partiyasi ham Abdulloh voqeasiga munosabat bildirib, u agar jinoyat sodir etgan bo‘lsa qonunan jazolanishi kerakligini eslatdi.

8 noyabr kuni kechqurun Abdulloh Tohirovning daragi chiqdi. Dastlab uning otasi u topilgani va Toshkentdan Andijonga qaytayotganini ma'lum qildi. Ko‘p o‘tmay Abdullohning o‘zi videomurojaat orqali chiqish qilib, o‘zi haqida qayg‘urganlarga minnatdorchilik bildirdi.

O‘ZBeKISTONGA XUSUSIY TUG‘RUQXONALAR

9 noyabr kuni Toshkent shahridagi «Turkiston» san'at saroyida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi va prezidentning soha xodimlariga tabrigi o‘qib eshittirildi. Prezident farmoniga muvofiq bir guruh tibbiyot xodimlari mukofotlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam qamrovini yanada kengaytirish va sifatini oshirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda xususiy tug‘ruqxonalar tashkil etiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda prezident qarori bilan aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash bilan shug‘ullanuvchi alohida kengash hamda respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi tashkil etildi, tibbiyot sohasi bo‘yicha yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilishi ham mumkin. Prezident qarorida O‘zbekistonda 2023 yilgacha Bolalar jarrohligi tibbiy markazi qurilishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid