Jahon | 18:40 / 07.01.2020
139462
8 daqiqa o‘qiladi

«Biz urush qonunlariga amal qilamiz». Trampning bayonoti kongress va Pentagonni tashvishga qo‘ydi

Pentagon rahbari Mark Esper AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlari yuzasidan e'tiroz bildirdi va amerikalik harbiylar Erondagi tarixiy va madaniy obektlarga zarba berish niyatida emasligini ma'lum qildi.

«Biz urush qonunlariga amal qilamiz», deya qayd etgan mudofaa vaziri. U Oq uy rahbarining bunday buyrug‘ini bajarish harbiy jinoyat bo‘lishini aytib o‘tgan.

Amerika harbiylari rahbarining 6 yanvar kuni kechqurun Pentagonda o‘tkazilgan brifingdagi kutilmagan bayonoti yana bir marta general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi Vashingtonda navbatdagi siyosiy inqirozli holatni yuzaga keltirganini tasdiqladi.

5 yanvar kuni tongda Tramp tvitterdagi sahifasida Tehron amerikaliklarga yoki Qo‘shma Shtatlar obektlariga hujum qilsa, Erondagi 52 ta obektga zarba berilishi haqida ogohlantirgandi.

«Bu ogohlantirish bo‘lsin: agar Eron amerikaliklar yoki AQSh obektlariga zarba bersa, biz Eron tomonidan uzoq yillar avval garovga olingan 52 kishini ifodalovchi Erondagi 52 ta nishonni tanladik», degandi Tramp.

Eron TIV rahbari Muhammad Javod Zarif uning bu so‘zlariga javob qaytarib, AQSh prezidenti «qo‘rqoqlarcha uyushtirilgan qotillik» bilan xalqaro huquq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani, qizil chiziqlar deb ataladigan imperativ normalarni ham buzish bilan tahdid qilayotgani, Eronning tarixiy va madaniy obektlariga beriladigan zarbalar harbiy jinoyatga teng ekanini bildirgandi.

Eron axborot texnologiyalari vaziri Javod Ozariy Jahromiy bu so‘zlari uchun Trampni «kostyumdagi terrorchi» deb atadi, Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni Abdulrahim Musaviy esa AQShning bunday hujum uyushtirishga jasorati yetishiga shubha bildirdi.

1954 yil qabul qilingan Haaga konvensiyasiga ko‘ra ham bunday hujumlar urush jinoyatlari deb baholangan.

Yakshanba kuni rojdestvo ta'tilidan Oq uyga qaytgan AQSh prezidenti Erondagi tarixiy va madaniy obidalarga hujum qilish to‘g‘risidagi so‘zlarini oqlashga urindi.

AQSh Fors ko‘rfazi hududidagi harbiy qudratini oshirishga e'tibor qaratmoqda

«Ular bizning odamlarni o‘ldirishi mumkin... Ularga biznikilarni qiynoqqa tutib, mayib qilishga ruxsat berilgan. Yo‘l bo‘yiga bomba qo‘yib, odamlarni portlatishlariga ruxsat berilgan. Biz esa ularning madaniy obektlariga qo‘l tekkiza olmaymizmi? Bunaqasi ketmaydi», - deya javob bergandi AQSh prezidenti Air Force One bortida turib jurnalistlarning savollaridan hayratlanib.

Trampning bunday tashabbusi Oq uy rahbarining eng sadoqatli tarafdorlari tomonidan ham tanqidga uchradi.

«Biz eronliklar va ularning madaniyati bilan urushmayapmiz. Bizda oyatulloh va uning atrofidagilarning g‘oyasi bilan ziddiyat mavjud», degandi dushanba kuni nufuzli senator-respublikachi Lindsi Grem.

Shu kabi bayonotlar Kongressdagi boshqa respublikachilar tomonidan ham berildi.

Trampning muxoliflari nima demoqda?

Demokratlar eronlik generalni o‘ldirish uchun prezident buyrug‘i bilan o‘tkazilgan harbiy amaliyot bo‘yicha javob tayyorladi.

Hafta boshida Demokratlar partiyasi vakillariga yo‘llangan nomada Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yaqin kunlar ichida prezidentning Eronga nisbatan harbiy harakatlar masalasidagi vakolatlarini cheklashga qaratilgan rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berilishini va'da qilgan.

Nensi Pelosining hisoblashicha, xorijdagi harbiy harakatlar masalasida Trampning vakolatini cheklash kerak

AQShda 1973 yilda qabul qilingan «Urush e'lon qilish huquqi haqida»gi qonunga ko‘ra, prezident ma'muriyati Kongressni qurolli kuchlarni harbiy amaliyotga jalb qilish yoki kelgusi harakatlar haqida 48 soat ichida xabardor qilishi shart hisoblanadi.

General Sulaymoniyning o‘limi haqidagi xabar esa qonunchilarga amaliyot o‘tkazilgan kunning ertasiga yetkazishgan. Trampning muxoliflari fikricha, bu orqali u qonunning bir qancha talablarini buzgan.

«Mutlaqo maxfiy» belgisi qo‘yilgan prezident maktubida, demokratlarning tasdiqlashicha, bu amaliyotni o‘tkazish uchun biror yuridik asos keltirilmagan.

Nensi Pelosi o‘z nomasida Bag‘dod aeroportidagi hujumni provokatsion va nomutanosib deb atagan. Uning fikricha, Tramp qo‘llayotgan choralar mintaqadagi AQSh harbiylarining xavfsizlik darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Demokratlar tomonidan taklif etilayotgan rezolyutsiyada agar Vakillar palatasi urush e'lon qilish masalasida boshqa qaror qabul qilsa, prezident ma'muriyati Eron bilan munosabatlardagi dushmanona harakatlarini 30 kunga to‘xtatib turishini nazarda tutadi.

Shuningdek, rezolyutsiya demokrat Tim Keyn tomonidan Senatga muhokama uchun kiritilgan.

Ekspertlarning hisoblashicha, demokratlarning tashabbusi ikki palata tomonidan ham tasdiqlanishi dargumon. AQSh prezidenti muxoliflarining talablarini asossiz deb atagan va ularga tvitterdagi xabarlarini kuzatib borishni tavsiya qilgan.

«Bu tvit-xabarlar Qo‘shma Shtatlar kongressi uchun ma'lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Agar Eron AQSh fuqarosi yoki obektiga zarba berishni boshlasa, Qo‘shma Shtatlar zudlik bilan bu hujumga qarshi javob qaytaradi. Bu mutanosib bo‘lmagan tarzda ham bo‘lishi mumkin», dedi Tramp.

Eron Trampning tahdidlariga qanday javob qaytarishi mumkin?

Qo‘shma Shtatlarda Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urush boshlanishi tahdidini jiddiy ko‘rib chiqishmoqda. O‘tgan dam olish kunlarida AQShning 80ga yaqin shahrida, jumladan, Vashington, Filadelfiya, Mayami, Chikago va San-Fransiskoda urushga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Ekspertlar esa harbiy bayonotlarga qaramasdan, ikki tomon ham bugungi kunda harbiy harakatlar boshlashga tayyor emasligini aytishmoqda.

Sulaymoniyning o‘limidan keyin Eronda Amerikaga qarshi kayfiyat sezilarli darajada kuchaygan

«Eron generali jahonning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lganini aytgan Tramp uchun bu impichment tufayli pasaygan reytingini ko‘tarish uchun qilingan siyosiy yurish bo‘ldi. Mamlakatda bu yil yangi saylovlar bo‘lib o‘tadi, shu tufayli saylovchilarning e'tiborini qozonish kerak edi.

Eronda esa bugungi kunda Qo‘shma Shtatlar bilan harbiy to‘qnashuvga kirishish uchun na harbiy qudrat va na iqtisodiy imkoniyatlar bor», deydi Stoni Bruk universiteti professori Jonatan Sanders.

Pentagon rahbarining sobiq yordamchisi, hozirda Pensilvaniyadagi Bayden nomidagi universitetdagi markaz direktori Maykl Karpenter ham uning fikriga qo‘shilgan.

«Yaqin Sharq, Yevropa va AQShning o‘zida ham Amerika manfaatlariga qarshi kiberhujumlar, gibrid urush va terrorchilik aktlari sodir etilishini kutish mumkin, deb hisoblayman», deydi u.

Mutaxassislar Tehron geografik sabablarga ko‘ra AQShga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirishi imkonsiz deb hisoblashayotgan bo‘lsada, eronlik harbiylar uchun mintaqada ko‘plab nishonlar mavjud.

Jumladan, Yaqin Sharqdagi Amerika bazalari va ulardagi amerikalik harbiylar. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Yaqin Sharq mamlakatlari - Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Kuvayt hududida qariyb 68 ming nafar amerikalik harbiy joylashtirilgan.

Eron ta'siri kuchli bo‘lgan Suriya va Iroqda esa AQSh Qurolli kuchlarining 6 800 nafar harbiysi bor.

Amerikalik ekspertlar Tehron qat'iy qadamlar tashlashini istisno qilgan holda, o‘z ta'siri ostida bo‘lgan jangari guruhlar vositasida Amerika obektlariga hujumlar uyushtirilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

«To‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirilishi AQShning keskin javob qaytarishiga olib keladi, Eron hukumati esa so‘nggi yillarda bunday choralardan qochishga harakat qilib kelmoqda. Shuning uchun, agar Tehron qandaydir javob qaytarmoqchi bo‘lsa, bu javob AQSh bilan qariyb tenglik kuzatilishi mumkin bo‘lgan kiberkenglik maydonida bo‘ladi», deydi harbiy tahlilchi Deniyel Koyst.

Mavzuga oid