Koronavirusdan keyingi hayot. Bugunni eslab xijolat bo‘lmaymizmi?
Koronavirus va uning ortidan keladigan holatlar bizni kimga aylantirishini hozir bilmayman. Hammamizga tegishli bo‘lgan bir muammoga qarshi, hammamiz bir kuch bo‘lamizmi?
Kecha, do‘stlar bilan yig‘ilib o‘tirganimizda, bir sherigimiz juda o‘rinli fikr aytdi.
— Masjidlarda, masalan jumada yurtdoshlarimizning bir-biriga munosabatiga e'tibor beraman, o‘zaro iliqlikni ko‘rib, qoyil qolaman. Kimgadir joy yetmay qolsa, yoniga chaqiradi, joynamoz yetmasa, o‘zining kiyimini birov uchun yechib beradiganlar bor. Tiqilinchda birov qattiq gapirmaydi, turtinib ketsa o‘qraymaydi. Mashinada chiqishdayam, tirbandliklarda bo‘ladigan signal chalishlar yo‘q: hamma tushungan, hamma sabrli.
Rostdan ham, xuddi insoniyat kattaroq bir maqsadda birlashgandek tuyuladi. Odamlar bir-biriga emas, bir tomonga yuzlanadi. Bir maqsaddagi jamoatga aylanadi.
Eng qizig‘i, oddiy hayotimizda, masalan do‘konda, ko‘chada, bozorda, yo‘lda bu narsani kuzatmaymiz. Aslida, u yerda ham, o‘sha masjiddayam ayni odamlar, lekin xuddi boshqa odamdek, o‘lchovlar o‘zgarib ketgandek. Hamma o‘z manfaatini o‘ylaydigan alohida-alohida odamlarga o‘xshab qoladi. Masjidda bir-biriga kiyimini yechib berib, poyabzalini to‘g‘irlab qo‘ygan odamlar tashqarida yo‘l talashib mushtlashishi ham mumkin.
Ochig‘i, koronavirus va uning ortidan keladigan holatlar bizni kimga aylantirishini hozir bilmayman. Hammamizga tegishli bo‘lgan bir muammoga qarshi, hammamiz bir kuch bo‘lamizmi, butun O‘zbekiston bir masjidga, barcha fuqarolar birodarlarga aylanadimi?
Yoki aksincha, hamma o‘zini o‘ylab, o‘z manfaati yo‘lida harakat qiladigan vahimachi, tovlamachi alohida odamlarga o‘xshab qolishadimi?
Biz kimmiz o‘zi?
Kecha, o‘sha yuqoridagi gapga javoban, boshqa do‘stimiz aytdi — «koronavirusdan keyin dunyo boshqacharoq bo‘ladi, yaxshiroq bo‘ladi». Axir, bilmadim, qanchadan buyon, birinchi marta insoniyat bir bo‘lib, karantinga chiqyapti, boshqa bir borliqqa qarshi kurashyapti. Tarixiy davr.
Koronavirusga bu qadar katta e'tibor qaratilishi uni davolash qiyinligidan yoki u qadar jiddiy kasallik ekanidan emas. Barcha muammo yuqumli va yuqish oson yo‘llar bilan amalga oshishida. Ya'ni, odamlar gigiyena, ko‘rsatma va maslahatlarga amal qilib, ma'lum muddat kasallikning ko‘payishi oldi olinsa, tabiiyki, bemorlar shifo topib, vaziyat yengillashishni boshlaydi.
Xitoyda ham, Yevropada ham, bemorlarning davolanib bo‘lmayotgani yoki o‘limlar emas, yuqishning tez suratlarda oshib borgani muammo tug‘dirgandi boshida. Ana, Xitoyda karantinga rioya qilingach, yuqishlarning yo‘li to‘silgach, avvalgi bemorlar asta-sekin davolandi va endi koronavirus chekinishni boshladi. Davolanganlar soni yangi chalinganlardan bir necha barobar ko‘p, bu sur'atda butunlay barham topadi.
Yevropada ham, karantinga olinganlar va hatto koronavirusga chalinganlar ham, vaziyatga xotirjam yondashishyapti, hazil bilan, sokinlik bilan o‘z holatlari haqida ma'lumot berishyapti. Masalan, «Chelsi» hujumchisi Hadson-Odoyi ham xuddi shunday, virusga chalingani haqida xabarlar tarqalgandi. Hozirda futbolchining o‘zi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarib, ahvoli birmuncha yaxshilangani haqida ma'lum qildi.
Aytmoqchimanki, koronavirus bir vabo emas, hatto butun xalqimizga yuqqan taqdirda ham, hayot davom etadi, uning ertasi ham bor.
Ana o‘shanda, ya'ni katta muammo chekinib, yana oddiy hayotga o‘ralashib qolganimizda, bugunni eslab, xijolat chekib qolmaymizmi? Axir madaniyatni, e'tiqodni, ilmni namoyish qilish eng zarur bo‘lgan pallalarda sinovdan o‘ta olmay, farzandlarimiz oldida uyalmaymizmi?
Menimcha, shu haqida fikrlab ko‘rish juda muhim.
Qahramon Aslanov.
Mavzuga oid
23:29 / 03.07.2021
AQShda hayvonlar sinov tariqasida koronavirusga qarshi emlanmoqda
13:47 / 03.07.2021
Buxoro viloyati hokimi koronavirusga chalindi
23:49 / 02.07.2021
JSST Yevro-2020 sababli Yevropada koronavirusning yangi to‘lqini yuz berishi muqarrarligini aytdi
18:24 / 02.07.2021