Light | 07:40 / 06.04.2020
16869
5 daqiqa o‘qiladi

Alifbodan liftolyatorgacha: katta ixtirolarning kichik mualliflari

Turmush tarzini osonlashtirish, insonga maksimal qulaylik yaratish maqsadida ko‘plab ixtirolar qilingan. Ularning orasida shunday jiddiy ixtirolar ham borki, tarixiga nazar solsangiz, muallifi kichik yoshdagi bolalar bo‘lib chiqadi.

Psixologlar fikricha, tashqi ta'sirlar natijasida tasavvurning hali cheklanmagani, turli qonuniyatlarga bo‘ysunuvchanlikning yo‘qligi bolalarning ajoyib ixtirolar qilish ehtimolini oshiradi.

Brayl alifbosi

Ko‘zi ojiz insonlarga qo‘l sezgisi orqali o‘qish imkonini beruvchi nuqtali yozuv – Brayl alifbosi ko‘pchilikka ma'lum. Alifbo 1824 yilda oddiy fransuz etikdo‘zining o‘g‘li Lui Brayl tomonidan ixtiro qilingan.

Lui 3 yoshligida otasining ustaxonasida o‘ralashib yurganda ko‘zi jarohatlanadi va ko‘z nurini yo‘qotadi. 15 yoshiga kelib bola ko‘zi ojizlarga yozish va o‘qish imkonini beruvchi nuqtali alifboni ishlab chiqadi.

Uning bu ixtirosi millionlab odamlarga imkoniyati cheklanganiga qaramay, ta'lim olish imkonini yaratdi.

Oromkursi

Benjamin Franklinni ko‘pchilik amerikalik siyosatchi sifatida taniydi, ammo u ko‘plab ixtirolar muallifi hamdir. Ulardan biri– oromkursi.

Albatta, odamlar bunga qadar ham oromkursidan foydalangani haqida ma'lumotlar bor. Biroq 15 yoshida o‘rindiqning oyoqlariga yog‘ochning qayrilma shakldagi bo‘lagini tirkash orqali oromkursi yasagan Franklinning tavallud sanasi – 17 yanvar xalqaro ixtirochi bolalar kuni deb belgilangan.

Suzish kurakoyoqlari

Bolaligidanoq zukkoligi bilan tengdoshlaridan ajralib turgan Benjamin aslida ixtirochilikni ancha avval boshlab qo‘ygan edi. 12 yoshida u plyajda baliq qanotchalarini eslatuvchi ikki matoh bilan paydo bo‘ladi: u oyoqlariga rezina «qanotchalar» taqib olgan edi.

Tengqurlarining mazaxlariga e'tibor bermagan Benjamin o‘sha kuni suzish bo‘yicha hammadan zo‘r natijani ko‘rsatadi. Baliqlarning qanotchalar yordamida tez suzishini kuzatib, nega odamda ham shunaqa bo‘lishi mumkin emas, degan savolni o‘ziga berish orqali u suzish uchun mo‘ljallangan rezina qanotlarni (last) ixtiro qildi.

Xushta'm desert mevali muz

Ko‘pchilikning sevimli shirinligi bo‘lgan mevali muz ham 11 yoshli bolakay tomonidan ixtiro qilingan. Amerikalik Frenk Epperson qish kunlarining birida hovlida limonad quyilgan stakanini unutib qoldiradi. Kechki izg‘irindan so‘ng, tong otgach muzlab qolgan limonadli stakanni topib oladi. Uni asliga qaytarish harakatida limonad qotib, yopishib qolgan qoshiqni yalab ko‘radi va bu ta'm unga juda ma'qul keladi.

Qizig‘i, bunday shirinlik ancha payt Eppersonning kichik siri bo‘lib qoldi, u faqatgina o‘ziga tez-tez «muzlatilgan limonad» tayyorlab turardi. 18 yildan keyingina bu xushta'm desert retseptini boshqalar bilan baham ko‘rish fikri paydo bo‘ladi va o‘z retsepti uchun patent oladi.

Batut

1930 yilda 16 yoshli gimnastikachi Jon Nissen Ayova shtatida o‘zining sodda, ammo xush kayfiyat bag‘ishlovchi ixtirosini amalga oshirdi. Temir karkasga tarang brezent bo‘lagini qopladi – qarabsizki, batut tayyor.

Dastlab bu moslama dam olish, bolalar o‘ynashi uchun oromgohlarda o‘rnatildi, keyinchalik sport maqsadlarida ham keng qo‘llanila boshlandi.

Yuqoridagilar – nisbatan avvalroq qilingan va ommalashishga ulgurgan ixtirolar. Yaqin yillarda o‘tkazib kelinayotgan turli tanlovlarda taqdim etilgan qator ham loyihalar borki, ular bir qarashda o‘ta sodda va bolalarcha fantaziyaga asoslangandek ko‘rinadi. Kim biladi, balki ular ham kuni kelib, turmushimizning ajralmas qismiga aylanar?

Sanchqisovitkich

Olti yoshli qizaloq Ameliya Liddl qaynoq ovqatdan bir necha marta kuygan bo‘lsa kerak. U «Sanchqi/qoshiq  va fenni birlashtirsak, ovqatni tezda kerakli haroratga tushirib beruvchi moslama paydo bo‘ladi», deydi maktabida o‘tkazilgan «Jajji ixtirochilar» tanlovida.

Xazontutkich

14 yoshli Elsi Ronald xazonrezgi davrida ko‘chalarning ifloslanishiga qarshi yechim topdi.

«Men xazonlarni oson teruvchi moslamani yaratdim. U juda ham oddiy va kamxarj, har bir daraxtga o‘rnatsa bo‘ladi. Moslama shoxlardan tushayotgan qurigan barglarni tutib qoladi. Ularni jamlab, tegishli joyga tashlash osonlashadi», deya izohlaydi u o‘z ixtirosini.

Liftolyator

Sharlotta Skot 11 yoshida odamlarni turli tabiiy ofatlar, urushlardan himoyalash haqida qayg‘urdi.

«Yer yuzida qandaydir xavf paydo bo‘lganda, uyingiz poydevoriga o‘rnatilgan liftolyatordan foydalanishingiz mumkin. Birgina richagni tushirsangiz kifoya: liftolyator uyni hech qanday shikast yetkazmasdan xavfsiz balandlikka ko‘taradi. Uy o‘qo‘tmas qoplama bilan o‘rab olinadi», deydi u.

Mavzuga oid