Jahon | 21:44 / 10.09.2020
14611
8 daqiqa o‘qiladi

Navalniy to‘liq o‘ziga keldimi: Jurnalistlar, uning safdoshlari va hukumat nima demoqda?

Payshanba kuni OAV ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida koma holatida bo‘lgan Aleksey Navalniy o‘ziga kela boshlagani va u endi gapira olishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Bu vaqtda siyosatchining tarafdorlari bu xabarlarda noaniqliklar ko‘pligini aytishmoqda. Kreml esa bemorning holati haqida rasmiy ma'lumotga ega emasligini bildirgan.

Foto: The Insider

The Insider va Der Spiegel Aleksey Navalniyning holati sezilarli darajada yaxshilangani haqida yozdi. Der Spiegel xabarida rossiyalik muxolif siyosatchi yana gapira olishi, ehtimol Tomsk — Moskva samolyoti bortida nimalar bo‘lganini eslashi mumkinligi aytilgan. The Insider nashri esa Navalniy sog‘ligi yomonlashidan oldin sodir bo‘lgan voqealarni eslay olgani haqida yozdi. Nashr uning nutqi tiklangani bo‘yicha aniqlik kiritmagan, ammo Navalniyning ahvoli «bu vaziyatda kutilganidan yaxshiroq ekani», u 7 sentabr kuni sun'iy komadan chiqqanidan keyin «to‘liq o‘ziga kelgani»ni ma'lum qilgan. O‘shanda shifokorlar u atrofidagilarning murojaatlariga bazo‘r reaksiya qilayotganini aytishgandi.

Hayong Jeon / EPA / Scanpix / LETA

The Insider nashri shifokorlarga asoslanib xabar qilishicha, Navalnyy aqliy jihatdan deyarli to‘liq tiklangan, jismoniy jihatdan esa kamida 90 foizga tiklangan (Der Spiegel maqolasida bu haqda keltirilmagan). The Insider siyosatchi «Novichok»dan zaharlangan boshqa qurbonlar — Sergey Skripal va Yemelyan Gebrev bilan taqqoslaganda ancha tez va oson tiklanayotganini qayd etgan. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, shifokorlar Navalniyning oldiga nafaqat rafiqasi, balki boshqa mehmonlar ham kirishiga ruxsat berishgan (Der Spiegel maqolasida bu ma'lumotlar ham yo‘q, nashr faqat Navalniy sog‘ligi yaxshilangani sari ko‘proq ziyoratchilarni qabul qilishi mumkinligini yozgan).

Der Spiegel ma'lumotiga ko‘ra, Berlin politsiyasi Navalniyni qo‘riqlashni kuchaytirgan (politsiyadagilar esa bu haqda bexabarliklarini bildirishgan). Xabarda aytilishicha, siyosatchining ahvoli yaxshilangach, huquq-tartibot organlari uning hayotiga yana suiqasd amalga oshirilishidan xavotirga tushishgan. The Insider manbasi xabariga ko‘ra, Navalniyning oldiga kirish uchun uch bosqichli qo‘riqlash tizimidan o‘tish kerak bo‘ladi. Xavfsizlik choralarining yuqori darajasi 9 sentabr kuni, siyosatchi barchasini eslay boshlaganidan keyin joriy etilgani aytilmoqda. Manba ma'lumotiga ko‘ra, Germaniyada nafaqat Navalniyga jismoniy tahdidlarga, balki siyosatchi davolanayotgan «Sharite» klinikasini obro‘sizlantirish uchun «axboriy xurujlar» uyushtirilishiga tayyorlanishmoqda.

EPA

9 sentabr kuni Germaniyadagi yana bir nashr Die Zeit Aleksey Navalniyga «Novichok»ning yangi turi bilan suiqasd uyushtirilgani, mazkur modda avvalgilariga nisbatan xavfliroq ekani haqida xabar tarqatgandi. Manba so‘zlariga ko‘ra, Navalniyni zaharlagan shaxslar uni samolyotda o‘ldirishni maqsad qilishgan, siyosatchi omadli tasodiflar zanjiri sabab omon qolgan — uchuvchining tezkor harakati va samolyotni qo‘ndirishi, shifokorlarning bemorga juda tez atropin dorisini yuborgani shular jumlasidan. Bu ma'lumotlar The Insider nashrida ham takrorlangan. Der Spiegel esa Germaniya xavfsizlik xizmatidagi manbaga asoslanib yozishicha, bunday amaliyot faqat rus maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Xabarda siyosatchini zaharlashda qo‘llangan zahar Rossiyadagi harbiy laboratoriyada tayyorlangani aytilgan. Bu modda Navalniy choy ichgan idish orqali aniqlangan, bu idish saqlab qo‘yilgan va Germaniyaga yuborilgandi; The Insider’ning qayd etishicha, zaharlovchilar bu detalni e'tibordan chetda qoldirishi ularning katta xatosi bo‘lgan.

O‘z navbatida Navalniyning safdoshlari Der Spiegel maqolasida bir qator xatolar borligini aytishmoqda. «Agar Der Spiegel yozgan gaplarning barchasi to‘g‘ri bo‘lganida xursand bo‘lardim, ammo afsuski, bu maqolada ko‘plab xatolar mavjud», — degan «Meduza»ga Navalniyning hududiy shtabi rahbari Leonid Volkov. Xuddi shunday bayonot Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish tomonidan berilgan. «Aleksey haqidagi so‘nggi materiallar haqida: u o‘ziga kelgani va atrofidagilarga javob qaytarayotgani haqida biz dushanba kuni xabar qilgandik, ammo asosiy maqolada juda bo‘rttirib yuborishgan va ko‘plab noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan», — deya yozgan Yarmish tvitterda. Aynan qanday noaniqliklar haqida gap ketayotgani va bunda noaniqliklar The Insider nashrida ham bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.

Germaniya Navalniydan olingan laboratoriya tadqiqotlari namunalari natijalarini Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotiga (OPCW) topshirdi. Germaniya Mudofaa vazirligining ma'lum qilishicha, Berlin ushbu ma'lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiyaga berish niyatida emas, chunki Rossiya shundoq ham OPCW a'zosi hisoblanadi. O‘z navbatida, Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Martin Fitsning ta'kidlashicha, «hozirda kerak bo‘lgan ma'lumot Germaniyada emas, balki Rossiyada mavjud». 

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte Putin Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq ishni tekshirish uchun maxsus komissiya tuzishga tayyorligini ma'lum qildi. Ammo Kremldagilar bu bayonotni tushunmovchilik deb atashdi. «Prezident Putin meni Rossiya nima bo‘lganini aniqlash niyatida ekaniga ishontirdi, u Rossiya tekshiruv o‘tkazish uchun tergov komissiyasi tuzishi va nemis hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi», — deya Kontening so‘zlarini keltirgan Italiyadagi Il Foglio nashri. Kreml saytidagi ma'lumotlardan bilish mumkinki, Rossiya prezidenti Italiya bosh vaziri bilan 26 avgust kuni gaplashgan va chindan ham Navalniyga nima bo‘lganini tekshirishga qiziqish bildirgan, ammo Kreml saytida komissiya tuzilishi haqida gap yo‘q. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kontening so‘zlarini «anglashilmovchilik» deb atadi. U Rossiya Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha jinoiy ish ochishga hech qanday sabab ko‘rmayotgani, rossiyalik mutaxassislar uning organizmida hech qanday zaharlovchi modda izlarini topishmaganini takrorladi.

AQSh davlat kotibi Moskva Navalniyning zaharlanishiga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi. Davlat dumasidagilar buni Rossiyaga qarshi provokatsiya dalili sifatida baholashdi. «Odamlar dissidentni zaharlashga urinishga guvoh bo‘lishganda, buning ortida rossiyalik yuqori martabali rasmiy shaxslar turishi ehtimoli kattaligi ma'lum bo‘lganida, menimcha, bu Rossiya xalqi uchun yomon», — dedi Mayk Pompeo. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya rasmiylarining Navalniyning zaharlanishiga aloqadorligi xususidagi har qanday ishorani «xato va toqat qilib bo‘lmaydigan» deb atadi. Davlat dumasining xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasi a'zosi Sergey Jyeleznyak RIA Novosti nashriga bergan intervyusida, Pompeoning so‘zlaridan keyin Navalniyning zaharlanishi Rossiyaga qarshi provakatsiya bo‘lganiga shubha qolmagani haqida gapirdi.

Mavzuga oid