Jamiyat | 08:59 / 28.09.2020
13880
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda bangixona saqlagan ayol aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 11 sentabr kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tuman IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Tadbir davomida, 35 yoshli  D.M. (ayol) giyohvandlik vositasini sotib olish uchun borgan fuqaroning giyohvandlik vositasini iste'mol qilishi uchun o‘zining Qorako‘l tumanida joylashgan yashash uyida giyohvandlik vositalari va maxsus moslamalar bilan ta'minlab, giyohvandlik vositasini iste'mol qilishga sharoit yaratib berib, bangixona saqlash jinoyatini sodir qilgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan aniqlangan.

D.M.ning yashash uyidan giyohvandlik vositasini chekishda foydalanilgan bir dona yelim idish (baklashka), 1 dona sigareta qutisi, falga qog‘oz bo‘laklari, yongan gugurt cho‘plari qoldiqlari, sigareta qoldiqlari, 1 dona stakan, 1 dona 50 ming so‘mlik kupyuradagi pul hujjatlashtirilib olingan. Sud kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bir dona yelim idishning (baklashka) ichida sof og‘irligi 0,24 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik vositasi mavjudligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, D.M. 200 ming so‘m pullar evaziga fuqaroga marixuana giyohvandlik vositasini sotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. Sud kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tadbirda olingan moddaning sof og‘irligi 2,39 gramm marixuana giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qorako‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan D.M. (ayol) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 4-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni laboratoriyalarda yoxud o‘zganing mulki hisoblangan vositalar va asbob-uskunalardan yoki prekursorlardan foydalangan holda qonunga xilof ravishda tayyorlash yoki qayta ishlash, shuningdek bunday vositalarni iste'mol qilish yoki bangixona tashkil  etish va saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid