O‘zbekiston | 19:23 / 22.10.2020
43546
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalarga kontraktni to‘rtga bo‘lib to‘lash imkoni berildi

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lov-kontrakt miqdorlarini o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rt bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, talabalar kontraktni quyidagi muddatlarda bo‘lib to‘lashlari mumkin:

  • to‘lov miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15 sentyabrgacha (yoki Davlat qabul komissiyasi belgilagan muddatgacha) hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1 oktyabrgacha (yoki OTM rahbariyati uzaytirgan muddatgacha);
  • to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 aprelgacha va 100 foizi 1 iyulgacha (yoki OTM rahbariyati uzaytirgan muddatlargacha);
  • xorijiy fuqarolar uchun OTM rahbariyati belgilagan muddatlargacha;
  • tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga («super-kontrakt») o‘quv yilining birinchi yarmi uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddati va miqdorlari Davlat qabul komissiyasi tomonidan va qolgan qismi OTM rahbariyati tomonidan belgilangan muddatlargacha amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilgi davlat dasturini tasdiqlashga oid prezident farmonida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020/21 o‘quv yilidan boshlab respublika OTMlari talabalariga o‘qish uchun to‘lovlarni o‘quv yili davomida teng ulushlarda, kamida to‘rt marotaba amalga oshirish imkoniyati berilishini ta'minlash vazifasi topshirilgan edi.

Mavzuga oid