Jamiyat | 11:24 / 29.03.2021
3537
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Nexia 2» suv quvurlarini almashtirish uchun qazilgan chuqurga tushib ketdi

«Nexia 2» mashinasi Samarqand shahridagi ko‘chalardan birida suv quvurlarini almashtirish uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan. Hodisada hech kim jabrlanmagan. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 28 mart kuni tunda Samarqand shahridagi Mir Said Baraka ko‘chasidan oqib o‘tuvchi «Siyobcha» kollektorining suv toshqini yuzaga keladigan hududidagi quvurlarni almashtirish ishlari olib borilayotgan qismida «Nexia 2» rusumli mashina chuqurga tushib ketgan.

Ma'lum bo‘lishicha, ta'mirlash ishlari olib borilayotgan ko‘chada ogohlantiruvchi, taqiqlovchi yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Biroq haydovchi bunday yo‘l belgilariga e'tiborsizlik qilib chuqurga tushib ketgan.

Ta'kidlanishicha, hodisa haqida xabar olingandan so‘ng Samarqand shahar hokimligi va shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshchiligida tashkil etilgan tezkor xavfsizlik guruhi tomonidan «Nexia 2» tez muddatda chuqurdan chiqarib olingan. Aniqlanishicha, mazkur mashinada bo‘lgan haydovchi hamda yo‘lovchi jiddiy tan jarohati olmagan. «Nexia 2»ga biroz zarar yetgan.

P.S. So‘nggi bir yilda Samarqand shahrining aksariyat ko‘chalari turli ishlar yuzasidan kovlanyapti. Birida kanalizatsiya quvurlari tortilayotgan bo‘lsa, yana birida suv quvurlari yangilanyapti. Bu esa aksar ko‘chalarda tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda. Shahar aholisining e'tirozi aniq – nega ishlar cho‘zib yuborilyapti, nega ko‘chalar navbati bilan kovlanmay, bir qanchasi birdaniga qazib tashlanyapti?

Mavzuga oid