Sport | 16:52 / 06.07.2021
9734
3 daqiqa o‘qiladi

OFK kubogi. «Nasaf» turkman klubi bilan Qarshida o‘ynaydigan bo‘ldi

OFK Kubogi 1/8 final bahslari sanasi va mezbonlari ma'lum bo‘ldi. Qarshining «Nasaf» klubi 1/8 final o‘yinini 25 avgust kuni Turkmanistonning «Ahal» klubiga qarshi o‘tkazadi. Turkman jamoasi o‘yinni o‘z maydonida qabul qila olmasligini bildirgach, mezbonni aniqlash uchun qur'a tashlashga hojat qolmadi va OFK o‘yin Qarshida o‘tishini ma'lum qildi.

1/8 finaldagi g‘alaba Ro‘ziqul Berdiyev jamoasini Markaziy Osiyo mintaqasi g‘olibi sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri yarimfinalga olib chiqadi. Chunki janub (Maldiv, Hindiston, Bangladesh) va ASEAN (Vetnam, Tailand, Kamboja, Filippin) jamoalari o‘rtasidagi guruh bosqichi o‘yinlari mezbon hudud topilmagani hamda koronavirusning avj olishi tufayli o‘tkazilmadi.

OFK musobaqalarni o‘tkazish qo‘mitasi turnirni qatorasiga ikkinchi yil qoldirishni xohlamadi va o‘yinlarni Janub/ASEAN mintaqasi klublarisiz davom ettirishga qaror qildi. Natijada endi chorakfinal bo‘lmaydi va «Nasaf»da Qarshidagi g‘alaba orqali yarimfinalga yo‘l olish imkoniyati paydo bo‘ldi.

«Nasaf» «Ahal»ni mag‘lub etib yarimfinalga chiqsa, 20 oktyabr kuni Honkongning «Li Man Uorriors» klubi bilan bilan to‘qnash keladi. G‘olib bir o‘yinda aniqlanadi va mezbon qur'a tashlash orqali ma'lum bo‘ladi. 

Qarshiliklar finalga chiqqan taqdirda safarda harakat qilishadi. 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi o‘yin birinchi «setka»da g‘olib bo‘lgan arab jamoasi («Muharraq», «Al Ahad», «Kuvayt», «As Salt»dan biri) maydonida o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, «Nasaf» 2011 yil OFK kubogida chempion bo‘lgan. Bu o‘zbek klublarining xalqaro maydondagi yagona rasmiy chempionligi hisoblanadi.

Mavzuga oid