O‘zbekiston | 15:50 / 06.07.2021
13090
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Tomonlar mintaqaviy kun tartibi, eng avvalo, Afg‘onistonda keskinlashayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashgan.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan Qozog‘istonning birinchi prezidenti faxriy raislik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston rahbari elboshini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Qozog‘iston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.

Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi alohida o‘rni, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlashga qo‘shayotgan katta hissasi alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm sohalaridagi ustuvor loyihalarni, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni ilgari surish muhim ekani ta'kidlangan.

Mavzuga oid