Jamiyat | 20:08 / 31.08.2021
14146
2 daqiqa o‘qiladi

Sherobodda anor pishdi: aholi tomorqasida 1000 gektar anorzorlar bor

Sherobod hududi tuproq unumdorligi va quruq havosi anor yetishtirish uchun qulayligi, dehqonchilikda muayyan natijalarga erishish mumkinligi inobatga olinib, tumanda anorzorlar yildan yilga kengaytirib borilmoqda.

Darvoqe, shu kunlarda Sherobod bog‘larida anor pishdi.

Hozirgi kunda tuman hududida 6 ming 15 gektar yer maydonlarida olma, anor, uzum, o‘rik, behi va boshqa mevalar yetishtirilmoqda. Shuningdek aholi tomorqalarining 1 ming 40 gektar yer maydonida anor mevalari yetishtirilib, har yili ularning 50 foizdan ortig‘i xorij davlatlariga eksport qilinyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 30 aprel-1 may kunlari Surxondaryoga tashrifi doirasida Sherobodda anor yetishtirishni rivojlantirish, buning uchun 3 ming gektar yerda anorzorlar barpo etish kerakligi haqida ko‘rsatma bergandi. Tumanda shuncha yer maydonlariga ekilgan anor ko‘chatlari bugunga kelib dastlabki mevalarini bera boshladi.

Qolaversa, davlat rahbarining tavsiyasiga binoan Sherobodda anorni qayta ishlash “Sherobod anor impeks” MChJ tashkil etildi. Korxona 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbatini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan ta'minlangan.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov joriy yilning fevral oyida mazkur tumanda bo‘lib, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar bilan uchrashdi. Uchrashuvda 100 nafar yoshlarning har biriga 50 sotixdan – jami 50 gektar yer ajratish, shu orqali ularning bandligi, daromad manbaini ta'minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berilgandi. Qisqa fursatlarda anorzorlarni tashkil etish, yerlarni shudgorlash, tartibga keltirishda bog‘ egalariga yordam berildi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu bog‘lar tumandagi muhtoj qatlam va ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlabgina qolmay, daromadi oshishiga, moddiy manfaatdorligiga xizmat qiladi.  

Sherobod tuman hokimligi axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid