O‘zbekiston | 11:21 / 17.12.2021
12650
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6500 so‘mgacha tushirildi

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJga tegishli AYoQShlarda AI-80 benzini narxi 6890 so‘mdan 6500 so‘mga tushirildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Xabar berilishicha, bunga so‘nggi kunlarda benzin taqchilligi oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan tanqidiy muhokamalar sabab bo‘lgan. “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, “Ishchi guruh”lari tuzilib, neft mahsulotlarining iste’molchilarga yetkazib berilishi to‘liq nazoratga olindi. 17 dekabr sanasidan boshlab aksionerlik jamiyatiga tegishli barcha AYoQShlarda AI-80 markadagi benzin narxi 6500 so‘m etib belgilangan.

“Benzin taqchilligining oldini olish va uning narxlarini arzonlashtirish borasida “O‘zbekneftgaz” AJ, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “Tovar xomashyo birjasi” AJ hamkorligida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Natijada “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli AYoQShlarda bugun, 17 dekabr kunidan boshlab AI-80 markadagi benzin 6890 so‘mdan arzonlashtirilib, har bir litri uchun 6500 so‘m narxda sotuvga chiqarildi.

Respublika hududidagi “O‘zbekneftgaz” AJning barcha AYoQShlarida benzin shu belgilangan narxda sotilishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Kun.uz muxbirining “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati bilan bog‘lanib oydinlik kiritishicha, AI-80 benzini narxini yana arzonlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

“AI-80 markali benzin narxini yanada pasaytirishni rejalashtiryapmiz. Iste’molchilar eng ko‘p foydalanadigan ushbu markadagi benzin taqchilligi respublikadagi barcha AYoQShlarda kuzatildi. Boshqaruv raisining topshirig‘i bilan hozirda 5ta ishchi guruh tuzildi va ular AJga tegishli barcha shoxobchalarda nazorat olib borishyapti. Kuzatishlarimiz davomida taqchillik sabablarini o‘rganishga harakat qildik. Ko‘p holatlarda katta yuk mashinalari 500 litrlab benzin olishadi. Yengil avtomobillarga esa yetmay qolish holatlari kuzatilgan. Buni o‘rganib, teng taqsimlash va bu turdagi benzin taqchilligini bartaraf etish choralari ko‘rilyapti”, deya ma’lum qildi matbuot kotibi Kun.uz'ga.

Mavzuga oid