Jahon | 22:21 / 16.02.2022
33117
8 daqiqa o‘qiladi

«Putindan ham, FSBdan ham qo‘rqmayman» - Navalniy yana sud qilinmoqda

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy qamoqdagi «Iv Roshe ishi» bo‘yicha jazoni o‘tab ulgurmay unga nisbatan navbatdagi ish ochildi. Siyosatchi o‘zi tashkil etgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga odamlar xayriya qilgan pullarni o‘zlashtirish va qo‘shimchasiga sudyani haqorat qilishda ayblanmoqda. Bu ayblov bo‘yicha siyosatchi 15 yilgacha qamalishi mumkin. Navalniy o‘ziga qarshi ochilgan bu ish ham siyosiy motivlar sabab ochilganini aytib, sud majlisida isyonkor nutq so‘zladi.

Denis Kaminev / AP / Scanpix / LETA

«Ayblov bo‘yicha o‘z fikrimni bildirish imkoni berilgani uchun rahmat. Bu ayblov haqida eshitganda nima his qilganimni bilasizmi? Xursandchilik! Ha, xursandligimdan yettinchi osmonda uchib yurgandek bo‘ldim. Hozir sababini tushuntiraman.

Biz faoliyatimiz davomida xayriya pullarini faqat halol yo‘l bilan yig‘dik: xohlagan pul tashlasin, xohlamagan yo‘q. Davlatdan bir so‘m pul olmadik va bu bilan faxrlanaman. Men va hamkasblarim qo‘llab-quvvatlovchi tarafdorlarimiz borligi uchungina mavjudmiz. 2011 yildan buyon bizning faoliyatimiz uchun 300 ming nafarga yaqin odamlar xayriya qildi. Rossiyaga qaytishimni aytganimda esa meni 385 million rublni o‘zlashtirganim uchun qo‘lga olishlarini aytishdi.

Bu ish bo‘yicha juda ko‘p odam jalb qilinishini kutgandim. Agar kimdir xayriya qilganidan norozi bo‘lsa, bizga xat yozishi mumkin. Ammo siz 4 kishi umumiy 2 million rubl uchun arz qilganini aytdingiz. Ulardan biri chilangar. U bor-yey deb Navalniyning hisobiga 1 million rubl o‘tkazyapti-da, 3 hafta o‘tib «Navalniy yaxshi odam emasligini bilib qolib» sizga ariza yozyapti.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi nega to‘g‘ri ishlovchi tashkilot deb so‘rasangiz, bunga isbotlarim bor, deb aytaman. Ular ishga oid hujjatlarda ham keltirilgan. Mening, xotinimning, qizimning barcha pul o‘tkazmalari ko‘rsatilgan. Siz «xayriya qilingan pullar shaxsiy manfaatlar yo‘lida o‘zlashtirilgan» degansiz, ammo ular menga kelib tushgani haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Shunda xursand bo‘ldimki, qo‘rqitilganlarning hech biri ariza yozmagan.

Men hukumat bilan kurashishda davom etaman. FSBdan (FXX) ham, kimyoviy quroldan ham, Putindan ham qo‘rqmayman. Ayblovning ikkinchi qismi bo‘lmish haqorat qilish qismiga esa izoh berish-bermaslikni ham bilmayman. Balki kulgi uchun shunday band qo‘shishgandir. «Janob sudya, siz qonunni buzyapsiz» iborasining nimasi haqorat? «Siz yakunlashingizni kutyapman», degan so‘zim kimni haqorat qildi?

Putiningizni tirik qolish va oyoqqa turish orqali shunchalik qattiq haqorat qilgan ekanman, u bir umr hukumatda qolib, mening muddatimni cho‘zishda davom etsa ham, bir narsani unutmang: mening va hamkasblarimning faoliyati shunchaki bir inson taqdiri deb qaragulik kichik narsa emas.

Ular mening qo‘rqishimni kutishyapti, ammo men qo‘rqmayman. Boshqalarni ham qo‘rqmaslikka chaqiraman, chunki qo‘rqadigan narsaning o‘zi yo‘q. Bolalarimiz va avlodlarimizni qashshoqlikda qoldirishdan qo‘rqish kerak», dedi Navalniy.

Denis Kaminev / Reuters / Scanpix / LETA

Aleksey Navalniyga nisbatan firibgarlik ayblovi bo‘yicha ish bir yil avval qo‘zg‘atilgandi. Ayblovga ko‘ra, Navalniy o‘zi asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga odamlar tomonidan xayriya qilingan 2,6 million rubldan ko‘proq pulni o‘zlashtirgani iddao qilingan. Agar siyosatchi aybdor deb topilsa, 15 yilgacha qamalishi mumkin.

Navalniy pullarini o‘zlashtirganini aytib, to‘rt kishi (Kuzin A. V., Kostenko M. N., Karnyuxin A. V., Koshelev A. N.) murojaat qilgan. Ular 300 ming rubldan boshlab xayriya qilganini iddao qilgan.

Huquqshunos Igor Gukovskiyning aytishicha, Navalniy ishtirokidagi sud majlisida OAV vakillari imkon qadar ishtirok eta olmasligini ta’minlash uchun ish qamoqxonaning o‘zida o‘tkazilgan. Sud davomida siyosatchining ovozi ham ekranda juda past va sifatsiz eshitilgan. Huquqshunosning taxmin qilishicha, Navalniyning sudi muhim siyosiy voqelikka aylanib ketishining oldini olish uchun shunday «chora-tadbirlar ko‘rilgan».

Denis Kaminev / Reuters / Scanpix / LETA

Gukovskiy sud o‘tkazilgan vaqt ham hukumat Navalniy ishi soyada qolib ketishi uchun atay tanlanganini ham aytdi. Uning fikricha, Ukraina voqealari fonida Navalniy ishi navbatdagi oddiy jarayon sifatida o‘tib ketishi maqsad qilingan.

Navalniyning tarafdori Ivan Jdanov hatto 1937-yillardagi sudlarda ham odamlarni uchratish mumkin bo‘lganini aytib, bunaqa qo‘rqoqlikdan hayratga tushganini aytdi. U Navalniyning sudini «Lukashenko tajribasi»ga o‘xshatib, Sergey Tixanovskiyni ham qamoqxonaning o‘zida sud qilishganini eslatdi. Jdanovning aytishicha, ishni sudda emas, qamoqxonada o‘tkazish uchun jiddiy sabab kerak: masalan, sudga olib borib bo‘lmaydigan dalil. Ammo bu ish sudda ko‘rilmasligi uchun hech qanday asos bo‘lmagan.

Sudda Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya ham ishtirok etgani e’tiborli. Unga uzoq muddatdan keyin erini yana ko‘rishiga ruxsat berilgan.

Aleksandr Nemenov / AFP / Scanpix / LETA

Aleksey Navalniy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi. Siyosatchi o‘zi tashkil etgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi yordamida Rossiyadagi ko‘plab amaldorlarning korrupsion faoliyati haqida ko‘rsatuvlar tayyorlagan. Uning oxirgi surishtiruvi Vladimir Putinning faoliyatiga bag‘ishlangandi. Unda siyosatchi go‘yoki Putinga tegishli bo‘lgan Gelenjikdagi «milliard dollarlik» saroy, unga pullar qayerdan kelib tushishi haqida hikoya qilgan. 2021 yil 18 yanvarda Rossiyaga qaytgan Navalniy o‘sha zahotiyoq qo‘lga olingandi. Unga nisbatan firibgarlik ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Navalniy qamoqqa olinganidan bir kun o‘tib uning Putin haqidagi surishtiruvi e’lon qilindi va juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Uni YouTube platformasining o‘zida 120 milliondan ortiq odam tomosha qilgan.

Navalniy 2020 yil 20 avgustda Tomskdan Moskvaga parvoz vaqtida o‘zini yomon his qilgan. Shundan keyin samolyot Omskda favqulodda qo‘nishni amalga oshirib, Navalniy mahalliy shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar unga qondagi shakarning keskin o‘zgarishiga olib kelgan moddalar almashinuvi buzilishi tashxisini qo‘yishgan. Keyinroq Navalniy davolanish uchun Germaniyaga jo‘natilgan. Germaniyada muxolifatchi «Novichok» zaharli moddalari guruhiga kiruvchi substansiya bilan zaharlangani ma’lum qilingan. Siyosatchi uni falaj qiluvchi modda bilan zaharlashni shaxsan Vladimir Putin buyurganini aytadi.

Mavzuga oid