Jamiyat | 13:00 / 03.04.2022
13526
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda qalbaki pul tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Andijonda katta miqdorda qalbaki pullarni tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Jinoiy guruh shu vaqtgacha 300 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullarni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida muomalaga kiritishga ulgurgan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, qalbaki pul tayyorlash va muomalaga chiqarish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Qayd etilishicha, Chirchiq shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro Buxoro shahriga borib, 10 mln 100 ming so‘m miqdoridagi qalbaki milliy valutani 600 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi, Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro ushbu 600 AQSh dollarini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi hamda uning yashash manzilida 2 mln 150 ming so‘m miqdorida qalbaki banknotlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Surishtiruv harakatlari davomida qalbaki pullar aslida Andijon shahrida tayyorlanishi ma’lum bo‘ldi.

Dastlab Andijon shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining “Damas” rusumli avtomashinasida 3 mln 200 ming so‘m miqdoridagi 64 dona 50 ming so‘mlik qalbaki banknotlarni olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

So‘ngra ushbu qalbaki pullarni tayyorlovchi, 1987 yilda tug‘ilgan  fuqaroning uyidan pul tayyorlashda kerak bo‘ladigan buyumlar hamda 14 mln 550 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ta’kidlash lozimki, jinoiy guruh umumiy miqdorda 300 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullarni tayyorlab, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida muomalaga kiritishga ulgurgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Andijonda qalbaki 100 mln so‘m pullarni o‘tkazayotgan fuqarolar ushlangani xabar qilingan edi.

 

Mavzuga oid