Jahon | 09:24 / 20.06.2022
5924
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik foydalanuvchilar Windows’ni yuklab olishda muammolarga duch keldi 

Rossiya internet provayderlari orqali Microsoft kompaniyasi dasturiy ta’minotini yuklab olishga urinish chog‘ida xatolik yuz beryapti. VPN orqali yuklab olish muvaffaqiyatli amalga oshdi.

Foto: Picture Alliance

Rossiyalik foydalanuvchilar Microsoft dasturlarini yuklab olishda muammolarga duch kelishdi: Windows 10 va 11 operatsion tizimlarini o‘rnatish uchun yordamchi dasturlar, shuningdek, operatsion tizimlar namunalari va Media Creation Tool dasturlari bo‘yicha nosozliklar kelib chiqmoqda, deb xabar berdi DTF portali 18 iyun, shanba kuni. 

Muammolar haqida birinchi xabarlar 2022 yil iyun o‘rtalarida paydo bo‘ldi, Qozog‘istondan bir nechta shikoyatlar kelib tushdi. Tasvirlarni yuklab olishga urinayotganda, foydalanuvchilar fayl yoki katalog topilmaganligini bildiruvchi «404 xato»ga duch kelishdi. Yevropa va Amerika VPN fayllari orqali ulanganda yuklab olish mumkin. 

DW muxbiri Rossiya IP-manzilidan VPN’ga kirish orqali Microsoft dasturiy ta’minotini yuklab olishga harakat qildi, biroq bir xil xato xabariga duch keldi. 

Muammo «Bilayn» simli internetida, shuningdek, Ms, "Bilayn" va Tele2 mobil interneti orqali ulanganda yuzaga kelmoqda, deya qayd etgan CNews nashri. Microsoft o‘zining ayrim mahsulotlarini Rossiyada ishlatib bo‘lmayotgani haqidagi xabarlarga rasman izoh bermadi. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Microsoft Rossiyada yangi mahsulotlarni sotishni to‘xtatganini e’lon qildi. 

Shu bilan birga, mart oyining oxirida, Reuters agentligining yozishicha, Microsoft  prezidenti Bred Smit Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga maktub yo‘llab, unda Kiyevning Rossiya bilan barcha aloqalarni uzish haqidagi chaqiriqlariga qaramay, Microsoft mamlakatda sanksiyalarga tushmagan mijozlar, jumladan maktablar va kasalxonalarda o‘z biznesini davom ettirishini tushuntirdi.

«Ushbu muassasalarni dasturiy ta’minot yangilanishi va xizmatlaridan mahrum qilish begunoh fuqarolar, jumladan, bolalar va qariyalarning salomatligi va xavfsizligiga xavf tug‘dirishi mumkin», deb tushuntirdi Smit 14 mart kungi maktubida. Xuddi shu murojaatda u Microsoft kompaniyasi AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqi hukumatlari bilan Rossiyada «joriy xizmatlar va qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish» masalasini muhokama qilayotganini yozgan. 

Iyun oyi boshida kompaniya «iqtisodiy istiqbollarning o‘zgarishi va biznesga ta’sir natijasida Rossiyadagi operatsiyalarni sezilarli darajada qisqartirishga» qaror qilganini bildirdi. «Yangi sotuvlar to‘xtatilishi davom etar ekan, biz rossiyalik mijozlar bilan mavjud shartnoma majburiyatlarini bajarishda davom etamiz», — deya kompaniya so‘zlaridan iqtibos keltirgan Bloomberg. 

Mavzuga oid