Jahon | 08:41 / 10.08.2022
9124
4 daqiqa o‘qiladi

RT YeIda taqiqlanganidan so‘ng, ekspertlar kremlparast targ‘ibotga ega yuzlab saytlarni topdi

NewsGuard Rossiyaning urush haqidagi dezinformatsiyasini faol ravishda tarqatuvchi 250 ta saytni aniqladi. Ularning aksariyati YeIda RT va Sputnik nashrlari taqiqlanganidan keyin ishga tushirilgan. 

Foto: Shutterstock

Nyu-Yorkda joylashgan, internetda soxta ma’lumotlarni tekshirish va kuzatish bilan shug‘ullanuvchi NewsGuard kompaniyasi urush haqida Rossiya dezinformatsiyasini faol ravishda tarqatuvchi 250 ta saytni aniqladi, ularning aksariyati so‘nggi oylarda paydo bo‘lgan. 9 avgust, seshanba kuni AP agentligi xabar berishicha, bu tendensiya, aftidan, YeIning RT telekanali va Sputnik agentligi ishini taqiqlash haqidagi qaroriga javob bo‘lgan. 

Saytlarning qariyb yarmi ingliz tilida, boshqalari fransuz, nemis yoki italyan tillarida. Aksariyati urushdan ancha oldin ishga tushirilgan, biroq Moskva bilan aniq bog‘lanmagan bo‘lgan, ammo ular to‘satdan kremlparast materiallarni nashr eta boshladi, deydi ekspertlar. Ularda Ukraina tomoni xalqaro hamjamiyatdan yordam olish uchun bir qator halokatli hujumlar uyushtirgani hamda ukrainalik qochqinlar Germaniya va Polshada jinoyat sodir etayotgani haqidagi iddaolar ilgari surilmoqda. 

Bundan tashqari, Yevropa dezinformatsiya bilan kurash vaziyat markazi (Disinformation Situation Center, DSC) RT videolari ijtimoiy tarmoqlarda yangi brend ostida va boshqa logotipda yoki umuman logotipsiz tarqatilayotganini aniqladi. 

«Kontent moderatsiyasining samarali tizimlarini o‘rnatish o‘rniga, ular Kremlning dezinformatsiya apparati bilan kim o‘zarga o‘ynamoqda», dedi DSC asos solgan Reset Britaniya nohukumat tashkiloti katta maslahatchisi Feliks Kartte.

Shu bilan birga, AP agentligi ta’kidlashicha, ekspertlar Ukraina tashviqotini, xususan, «Kiyev sharpasi» harbiy uchuvchisi haqidagi shahar afsonasini tarqatayotgan saytlarni ham aniqladi, ammo bunday manbalar soni kremlparastlarga qaraganda sezilarli darajada kam.

Avvalroq, 27 iyul kuni Lyuksemburgdagi Yevropa sudi RT France telekanalining YeI kengashiga telekanalning Yevropa hamjamiyatida efirga chiqishini taqiqlash masalasi bo‘yicha da’vosini qanoatlantirmagan edi. Bu haqdagi qaror Yevropaning umumiy yurisdiksiya sudi katta palatasi tomonidan chiqarilgan.

Lyuksemburgdagi instansiya YeI kengashi RT France tomoni «Rossiyaning Ukrainaga qarshi beqarorlik va tajovuzkorlik siyosatini faol qo‘llab-quvvatlashi» faktini tasdiqlagan degan xulosaga keldi. Bundan tashqari, kanal RFning Ukrainaga qarshi urushini oqlaydigan hamda jamoat tartibi va YeI xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni uzatgan, deyiladi Lyuksemburgdagi mahkama xabarida. 

1 mart kuni YeI kengashi RT English, RT UK, RT Germany, RT France, RT Spanish telekanallari, shuningdek, Sputnik agentligi translatsiyasini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga asos sifatida Rossiya bu kanallar orqali Ukrainaga qarshi tajovuzni oqlash hamda shu orqali jamoat tartibi va YeI xavfsizligiga tahdid solish uchun tashviqot olib borayotgani aytildi. RT France bunga javoban Yevroittifoq sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi, shuningdek, taqiqni to‘xtatib turish uchun dastlabki huquqiy himoya so‘ralgan iltimosnoma bilan chiqdi. 

Mavzuga oid