Sport | 17:37 / 19.06.2023
30586
8 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» keyingi mavsumda ham chempionlik uchun kurashmoqchi. «Kanonirlar» kuchli transferlarga tayyorlanmoqda

Va Britaniya rekordi yangilanishi mumkin.

Foto: Reuters

Oboymani kengaytirish

«Arsenal» mavsumning finish qismida sekinlashib, yakunda baribir chempionlikka erisha olmaganining asosiy sababi sifatida zaxira o‘rindig‘i keng emasligi keltiriladi. Oltin uchun poygada ustun kelgan «Manchester Siti»da ro‘yxat ancha kengroq — ha, Pep Gvardiola so‘nggi oylarda amalda bitta boshlang‘ich tarkibdan foydalandi, ammo asosiy tarkib futbolchilarini o‘yin sur’atini tushirmasdan zaxiraga olish imkoniyati unda ko‘proq edi.

«Arsenal» o‘tgan yozda ham tarkibni sezilarli darajada kuchaytirgandi. Chempionlik ko‘rgan Gabriel Jyezus va Oleksandr Zinchenkoning jamoada paydo bo‘lishi o‘tgan mavsum ancha muvaffaqiyatli kechishi omillaridan biri bo‘ldi. 35 million yevro evaziga «Portu»dan sotib olingan yarimhimoyachi Fabiu Viyera rotatsiya futbolchisi vazifasini o‘tadi (APLda 22 o‘yin, ammo shundan faqat uchtasida startda va maydonda jami 499 daqiqa), ammo shuni e’tiborga olish kerakki, 22 yoshli portugaliyalikning tarkib uchun raqobatchisi — «kanonirlar» sardori Martin Edegor hisoblanadi.

Muammo shundaki, startdagi futbolchilarni to‘laqonli almashtiradigan zaxira futbolchilari yo‘q edi. Albatta, shu kunlarda vafot etgan Silvio Berluskonining ikki teng kuchli tarkib haqidagi so‘zlari — oddiy mif. Istalgan jamoada asosiy tarkib (13-14 kishi), asosiy oboyma (18-19 kishi) bo‘ladi va qolgani zaxira vakillari. Masala, asosiy tarkibga kirmaydigan, ammo oboymaga kiradigan futbolchilarda. «Arsenal»ga aynan shunday zaxira yetishmadi. Jamoa Gabriel Jyezusning jarohatini nisbatan og‘riqsiz o‘tkazgan bo‘lsa — Eddi Nketia gol urib turishni uddaladi, Uilyam Saliba mavsumning muhim qismida safdan chiqishi barchasini hal qildi. Ushbu markaziy himoyachi o‘tgan mavsumda jiddiy o‘sdi va uning o‘rnida o‘ynatilgan Rob Holding uning darajasiga yaqin kela olmadi.

Aftidan, «Arsenal» rahbariyati bu muammoni aniq ko‘rgandi va yanvardagi transferlar — Jorjino va Leandro Trossar — aynan oboymani kuchaytirishga qaratilgandi. Ularning ikkisi ham yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va jamoaga foyda keltirishdi: Trossar yarim mavsumda 10 golli uzatmaga mualliflik qildi, Jorjino — 14 o‘yinda 852 daqiqa o‘tkazdi.

Rays

Bu yozda esa muskullarni o‘stirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Qolaversa, «Arsenal» bu mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynashi kerak. Asosiy nishon — Deklan Rays. Yakunlangan mavsumda u sardor sifatida «Vest Hem» bilan Konferensiyalar ligasida (klub uchun so‘nggi 43 yillikdagi ilk sovrin) g‘olib bo‘ldi, Angliya milliy jamoasining 2020 yilgi Yevropa chempionati va 2022 yilgi jahon chempionatidagi asosiy yarimhimoyachisi sifatida o‘ynadi. U «bolg‘achilar» akademiyasining Rio Ferdinand va Frenk Lemparddan keyin yetishtirgan eng iqtidorli futbolchisi bo‘lib chiqdi.

Raysning «Vest Hem» bilan shartnomasi tugashiga bir yil qolgan. Qishda klub 24 yoshli futbolchiga hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha uchta taklif berdi, ammo ularning barchasi futbolchi tomonidan rad etildi. Bu yilgi mavsumlar oralig‘i «bolg‘achilar» uchun Raysni yaxshi narxga pullash uchun so‘nggi imkoniyat. «Vest Hem»dagilar buni yashirishmayapti: Konferensiyalar ligasi finalidan keyin boshqaruv kengashi raisi Devid Sallivan ushbu yarimhimoyachi katta ehtimol bilan London sharqidan bo‘lgan jamoa uchun so‘nggi o‘yinini o‘tkazgani haqida aytdi.

13 iyun kuni The Guardian «Arsenal» va «Vest Hem» faol muzokara o‘tkazayotgani, transfer qiymati bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda 115 million yevroni tashkil etishi mumkinligi haqida yozdi. 15 iyun kuni The Athletic «Arsenal» «bolg‘achilar»ga 80 mln funtlik ilk rasmiy taklif yuborgani va bu taklif rad etilgani haqida xabar berdi. Fevral oyida «Vest Hem» bosh murabbiyi Devid Moyyes agar Rays jamoani tark etsa, bu Britaniya futbolida transfer rekordiga aylanishini aytgandi. Hozirda bunday rekord «Chelsi» Enso Fernandesni transfer qilishida o‘rnatilgandi — 121 million yevro.

Ko‘rinib turibdiki, «Arsenal» tomonidan navbatdagi takliflar bo‘ladi. Sky Spors xabariga ko‘ra, endi «Arsenal» 110 mln funtlik ikkinchi taklifni yuborishi kutilmoqda, «Vest Hem» esa futbolchisi uchun 120 mln funt narx belgilagan. Ammo The Athletic jurnalisti, Britaniyadagi nufuzli insayderlardan biri Devid Ornshteynga ko‘ra Rays uchun kurashga «Manchester Siti» ham qo‘shilishi mumkin. Ammo bunda ko‘p narsa Ilkay Gundo‘g‘an va Bernardu Silvaning klubdan ketish-ketmasligiga bog‘liq, bundan tashqari, «shaharliklar»da «Chelsi»dan Mateo Kovachichni olish varianti mavjud.

Havers

Yana bir ehtimoliy transfer — bu Kay Havers. «Arsenal» «Chelsi» hujum chizig‘ining 24 yoshli vakili bo‘yicha so‘rov yuborgan (nemis futbolchisi «Stemford Brij»dagi faoliyatining birinchi bosqichida — Tomas Tuxel boshqaruvidagi bir yarim yillikda u 3-4-2-1 sxemasida o‘ng qanotga yaqin «o‘nlik» vazifasini bajargan, keyin «to‘qqizlik» pozitsiyasida o‘ynay boshladi — haqiqiy yoki aldamchi to‘qqizlik). Ehtimoliy transfer summasi haqida hozircha ma’lumot yo‘q, ammo, The Athletic manbasiga ko‘ra, yaxshi taklif berilgan taqdirda «Chelsi» Haversni qo‘yib yuborishga tayyor (boshqa variantlar qatorida Tuxel bosh murabbiy bo‘lgan «Bavariya» va «Real» bor). Ko‘klarning bu pozitsiyasi tushunarli — ular haddan tashqari semirib ketgan tarkibni bo‘shatishi va moliyaviy feyr-pley muammosini hal qilishi kerak.

Havers — taktik jihatdan moslashuvchan futbolchi. «Umuman olganda, men yarimhimoyachiman, ammo menga jarima maydoniga yorib kirish yoqadi. Sening jamoang to‘pga egalik qilayotganda, sen moslashishing va o‘z pozitsiyangni o‘zgartirishing kerak, mening maydondagi vazifam shu», — degan u o‘zi haqida. Va agar Raysning roli ancha tushunarli bo‘lsa — u klassik aqlli tayanch yarimhimoyachisi va o‘yinni a’lo darajada o‘qiy oladi, Havers esa bir vaqtning o‘zida bir necha pozitsiyani yopishi mumkin: hujum markazida Gabriel Jyezusning o‘rnida harakat qilishi ham, orqaroqda Edegorga yordam berishi ham mumkin.

Gabriel — Saliba juftligiga muqobil variant ko‘rinmayotgan himoya markaziga ham futbolchi olib kelish lozimdek ko‘rinadi, ammo bu yerda yanvarda 25 million yevro evaziga «Spetsiya»dan sotib olingan 22 yoshli polyak Yakub Kiviorning o‘sishiga ham umid qilish mumkin. Ammo agar «Emireyts»ga Rays va Haversning o‘zi kelsa ham, bu ancha jiddiy qadam bo‘ladi.

Mavzuga oid