O‘zbekiston | 16:45 / 25.01.2024
40420
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda BYD elektromobillarini ishlab chiqarishga start berdi

O‘zbekiston prezidenti va BYD kompaniyasi prezidenti Van Chuanfu Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Kompaniya Shavkat Mirziyoyevga YANGWANG U8 avtomobilini hadya qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shenjen shahrida Xitoyning BYD kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif chog‘ida kompaniya yutuqlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma, avtomobillar va boshqa turdagi texnikalarning ishlab chiqarilayotgan va istiqbolli modellari, kompaniyaning yangi texnologiyalari va ilg‘or ishlanmalari namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Prezident yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonda BYD elektr avtobuslarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va muhandislik-servis markazlarini tashkil etish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Tashrif chog‘ida kompaniya O‘zbekistonga 10-minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida Shavkat Mirziyoyevga YANGWANG U8 avtomobili hadya qilindi.

Mavzuga oid