O‘zbekiston | 19:28 / 25.01.2024
4766
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Londonda Britaniya xotin-qizlar ishlari bo‘yicha vaziri bilan uchrashdi

Muloqotda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish borasida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. 

Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan o‘tkazilayotgan «Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik» mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib turibdi. 

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi aloqalarda yuqori darajadagi siyosiy va diplomatik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuv uchun salmoqli salohiyat mavjud. 

Shu nuqtai nazardan tashrifning birinchi kuni Senat raisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Britaniyaning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha vaziri Mariya Kolfild bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish borasida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. 

Xususan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishining ayollar va qizlarning hayoti sifatiga ta’sirini kamaytirish yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. 

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda «STEM» dasturi orqali qizlar uchun sifatli, arzon ta’lim berish borasida o‘zaro tajriba almashish yuzasidan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi. 

Mariya Kolfild Yangi O‘zbekistonning xotin-qizlarning mamlakat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlari strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U so‘nggi yillarda ayollarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish va gender tenglikni ta’minlash borasida erishilgan natijalarni yuqori baholadi. 

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid