O‘zbekiston | 10:05 / 07.02.2024
27555
2 daqiqa o‘qiladi

Panorama Airways xususiy aviakompaniyasining mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi 

Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Foto: Uzbekistan Airports

Umra safari bilan bog‘liq muammo tufayli xususiy aviakompaniya mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Transport prokuraturasi tomonidan o‘zbekistonliklarning Umra safaridan qaytarish choralarini ko‘rmagan hamda boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy avikompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bosh prokuratura ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligini bildirdi.

Oldinroq Umra ziyoratiga borgan bir necha ming o‘zbekistonlik Panorama Airways reyslari kechikkani sababli Arabistonda bir necha kun qolib ketgani xabar qilingandi. Seriyali muammolarga duch kelgan aviakompaniya boshqaruv xodimlarini yangilab, 2-4 fevral kunlari 3 mingdan ortiq yo‘lovchini uyiga qaytargan. Turizm qo‘mitasi turfirmalarni ogohlantirib, ziyoratchilarga murojaat bilan chiqqandi.

O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi ham ziyoratchilarning bir qismi O‘zbekistonga qaytarilganini, qolgan fuqarolarni ham ortga qaytarishda choralar ko‘rilayotganligini bildirgandi.  

Mavzuga oid