Jahon | 12:35 / 30.05.2024
3079
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya ballistik raketalarni yana sinovdan o‘tkazdi

Janubiy Koreyaning ma’lum qilishicha, raketalar Pxenyanning Sunan tumanidan ertalab soat 6:14 da uchirilgan va Yapon dengiziga tushishidan oldin taxminan 350 kilometr uchgan.

Foto: KCNA/AFP

Shimoliy Koreya Yapon dengiziga 10 ga yaqin qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi 30 may, payshanba kuni ertalab Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib.

Ta’kidlanishicha, raketalar Pxenyandagi Sunan hududidan ertalab soat 6:14 da uchirilgan va Yapon dengiziga tushishdan oldin taxminan 350 kilometr masofani bosib o‘tgan. «Shimoliy Koreya raketa uchirilishidan tashqi dunyoga xabar sifatida foydalansa-da, bir vaqtning o‘zida 10 ga yaqin raketani uchirish unga xos emas», - deya ta’kidlaydi jurnalistlar.

Janubiy Koreya harbiy rahbariyati mamlakat poytaxti Seul va muhim havo bazalari masofasiga tushgan raketa uchirilishini Koreya yarimoroliga tahdid soluvchi «provokatsiya harakati» sifatida qoraladi va bunga keskin javob berishga va’da berdi, deb yozadi Yonhap.

Yaponiya hukumati ham Pxenyan tomonidan uchirilgan raketalar ballistik bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni tasdiqlaydi. Bosh vazir Fumio Kishidaga ko‘ra, raketalar Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasidan tashqariga tushgan va ulardan hech qanday zarar qayd etilmagan.

Modelga qarab, ballistik raketalar yadroviy kallak bilan jihozlangan bo‘lishi mumkin. Shimoliy Koreyaning bunday raketalarni sinovdan o‘tkazishi BMT tomonidan Pxenyanga nisbatan joriy qilingan tegishli taqiqqa zid keladi. Pxenyan 17 may kuni ham ballistik raketalar sinovini o‘tkazgandi.

Shimoliy Koreyaning orbitaga razvedka sun’iy yo‘ldoshini chiqarishga urinishi

KXDRning navbatdagi raketa uchirishi Shimoliy Koreya harbiy maqsadlarda Yer orbitasiga sun’iy yo‘ldosh olib chiqishga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan ikki kun o‘tib amalga oshirildi, deb eslatdi dpa agentligi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 28 mayga o‘tar kechasi razvedka uchun mo‘ljallangan Malligyong-1 sun’iy yo‘ldoshini olib ketayotgan raketa-tashuvchi uchirilganidan ko‘p o‘tmay havoda portlab ketgan.

AQSh va Yaponiya Shimoliy Koreyaning sun’iy yo‘ldoshli raketa uchirishini BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzish sifatida baholadi.

Mavzuga oid