Jamiyat | 10:11 / 09.06.2024
20884
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtomobil yonib ketdi

Ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Qozog‘iston FVV

Qozog‘istonning Atirau oblastida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan Lada Largus avtomobilida yong‘in chiqdi.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 8 iyun kuni soat 11:45 da Atirau oblasti, Makat tumani hududidan o‘tuvchi Atirau-Aqto‘be respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lining 31-kilometrida sodir bo‘lgan.

Rossiya—O‘zbekiston yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan O‘zbekiston davlat raqamiga ega bo‘lgan Lada Largus rusumli avtomashinada sodir bo‘lgan yong‘in soat 12:50 da to‘liq bartaraf etilgan.

Avtomobil ichida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi bo‘lgan. Yong‘in oqibatida Lada Largus mashinasi haydovchisi jarohat olmagan, qolgan ikki nafar yo‘lovchi turli darajadagi kuyish jarohati bilan Atirau oblasti kasalxonasiga yotqizilgan.

Haydovchi va jarohat olganlarning shaxslariga aniqlik kiritilgan va ular bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Ushbu holat Bosh konsulxona nazoratiga olingan.

Mavzuga oid