Jahon | 08:21 / 16.07.2024
5894
3 daqiqa o‘qiladi

Berlin Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishdan bosh tortdi

Germaniya hukumati bundesverda bitta ham F-16 samolyoti yo‘qligini ta’kidladi. Uchuvchilarni tayyorlashdagi qiyinchiliklar tufayli har xil turdagi jangovar qiruvchilarni Kiyevga o‘tkazish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

F-16 samolyoti Foto: Matrix Images

Germaniya hukumati avvalroq Xristian-demokratik ittifoqi (XDI)dan muxolifat yetakchisi Fridrix Mers tomonidan bildirilgan Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha taklifni rad etdi. Bu haqda 15 iyul, dushanba kuni Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebeshtrayt ma’lum qildi. Uning eslatishicha, Kiyevga joriy yilning yozida joylashtirilishi mumkin bo‘lgan F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha bir qancha davlatlar tegishli tashabbus ko‘rsatmoqda. 

Shu bilan birga, dpa agentligi hukumat vakilidan iqtibos keltirishicha, bundesverda bitta ham F-16 samolyoti yo‘q. «Ukrainaga har xil turdagi qiruvchilarni yuborishdan ma’no yo‘q, garchi qiruvchilar tashqi ko‘rinishi bo‘yicha bir-biriga o‘xshash bo‘lsa ham, ular nazorat jihatidan juda farq qiladi», — deya tushuntirdi Xebeshtrayt. 

Mers: Ukrainaga osmonda suverenitetni tiklashga yordam bering 

Bir kun avval Fridrix Mers Germaniyaning Kiyevga harbiy yordamini kuchaytirishi, xususan, qiruvchi samolyotlar yetkazib berish tarafdori ekanini aytgan edi. «Men Ukrainaga hech bo‘lmaganda o‘z havo hududi ustidan suverenitetni tiklashga yordam berishimiz kerak, deb hisoblayman, chunki infratuzilma, elektr va suv ta’minoti, shifoxonalar va qariyalar uylariga qilingan raketa hujumlarini faqat yerdan nazorat qilib bo‘lmaydi», dedi Mers 14 iyul kuni ARD telekanalidagi «O‘zingizdan so‘rang» (Frag selbst) dasturiga intervyusida. 

Ko‘pgina davlatlar allaqachon Ukrainani jangovar samolyotlar bilan ta’minlashga va’da berishgan va «biz nemislar chetda turolmaymiz», dedi Germaniyaning eng yirik muxolifat partiyasi raisi.

Ukrainaga F-16 yetkazib berish boshlandi

O‘tgan hafta Vashingtonda yakunlangan NATO sammitida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Daniya va Niderlandiya Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga topshirishni boshlaganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlar shu yilning yozida Ukraina osmonida paydo bo‘ladi. Norvegiya ham bu yil oltita F-16 samolyotini Ukrainaga topshirishini e’lon qildi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ta’kidlaganidek, Ukrainaga kamida 128 ta F-16 qiruvchisi kerak. 

Mavzuga oid