Jamiyat | 16:56 / 22.09.2016
11032
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijliklar yashashi uchun dunyoning eng qulay mamlakati aniqlandi

YouGov xalqaro sotsiologiya instituti hamda Britaniyaning HSBC banki hamkorlikda tadqiqot o‘tkazib, dunyoning yashash uchun eng qulay shaharlarini aniqlashdi. Bu haqida Strait Times ma'lum qildi. 

Unga ko‘ra, Singapur ikkinchi yil ketma-ket xorijliklar yashashi uchun eng yaxshi joy, deb topildi. Faqat bu shahar-mamlakatda bemalol yashash uchun yiliga o‘rtacha 139 ming dollar topish kerak bo‘ladi. 

Maqolada ko‘rsatilishicha, taxminan 84 foiz so‘rovnomada ishtirok etgan xorijlik boshqa shaharlarga qaraganda Singapurda o‘zini himoyalangan his qilishini aytgan. Ishtirokchilarning 66 foizi respublikadagi turmush sifatidan qoniqish hosil qilganini bildirgan, 62 foizi esa Singapurni karera uchun eng yaxshi joy, deb hisoblashini ma'lum qilgan. 

Aksariyat ekspatlar va ularning oila a'zolari Singapurda tibbiy sug‘urtalar bilan ta'minlanadi, shuningdek bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablarda ta'lim olishi uchun kompensatsiyalar to‘lanadi. 

Reytingdagi ikkinchi o‘rin joriy yilda Yangi Zelandiyaga nasib etdi. 3-o‘rin Kanadaga berildi. Undan keyingi o‘rinlarda Chexiya, Shveytsariya, Norvegiya, Avstriya, Shvetsiya, Bahrayn va Germaniya mamlakatlari nomi qayd etildi. 
 

Mavzuga oid