Yilning eng yaxshi «yashil» mashinasi da'vogarlari ma'lum qilindi
Amerikaning Green Car Journal nashri «Yilning eng yaxshi yashil avtomobili» uchun da'vogarlar ro‘yxatini e'lon qildi. O‘ziga xos reyting g‘olibi 17 noyabr kuni Los-Anjyeles motorshousida aniq bo‘ladi.
Da'vogarlar ro‘yxatiga to‘rtta gibrid va bitta elektrokar kiritilgan. Bular: BMW 330e iPerformance, Chevrolet Bolt, Chrysler Pacifica, Kia Optima va Toyota Prius Prime. Green Car Journal muharrirlari barcha da'vogarlar orasidan tejamkorligi, yangiligi, texnologiyalarning qo‘llanilgani, narxi va ekologik ko‘rsatkichidan kelib chiqqan holda mazkur beshta modelni tanlab olishgan.
BMW 330e iPerformance 184 ot kuchiga ega 2.0 litrli turbomotor va 88 ot kuchili elektrodvigatelga ega bo‘lib, sakkiz bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi yordamida harakatlanadi. 100kmga 2,1 litrga yaqin yoqilg‘i sarflaydi.
Chevrolet Bolt o‘z navbatida 200 ot kuchiga ega elektromotor va 60 kVT/soatlik litiyli batareyalar yordamida bir quvvatlanish bilan 320 kmni ortda qoldira oladi.
Chrysler Pacifica modelining gibrid rusumiga 248 ot kuchiga ega oltisilindrli benzinli motor, elektrodvigatel, 16 kVt/soatlik batareya to‘plami va to‘qqiz bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi o‘rnatilgan. U 100 kmga 3,5 litr yoqilg‘i sarflaydi.
Kia Optima gibrid sedani AQShda ikki xil namunada sotiladi. Unga 2.0 litr hajmga ega, 4 silindrli motor o‘rnatilgan. Elektromotor zaxirasi unchalik katta bo‘lmasa-da, to‘ldirilgan yoqilg‘i baki bilan 965 kmgacha yurish mumkin.
Toyota Prius Prime — oddiy «Prius»ning takomillashtirilgan namunasi. Uni xo‘jalik elektr tarmog‘idan quvvatlasa bo‘ladi. Modelga 1,8 litrli, 97 ot kuchiga ega benzinli motor, 73 ot kuchli elektrodvigatel va 8,8 kVt/soatlik batareya o‘rnatilgan.
Endilikda, hakamlar hay'ati ushbu beshta mashinadan eng yaxshisini tan olishlari talab etiladi.
Chevrolet Volt o‘tgan ikki yildagi eng yaxshi «yashil» mashina deb topilgan edi.
1992 yildan beri chop etiladigan Green Car Journal nashri 2005 yildan ushbu reytingni tuzib keladi.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
08:15 / 14.12.2024
Toshkent 200-o‘rinda: xorijlik mutaxassislar uchun 2024 yildagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi
17:36 / 10.12.2024
XMT Markaziy Osiyodagi ishsizlik darajasi bo‘yicha ma’lumot berdi
01:51 / 10.12.2024