Sport | 20:40 / 11.01.2017
12384
3 daqiqa o‘qiladi

FIFA prezidenti JCh ishtirokchilari soni oshirilishiga izoh berdi

Jahon chempionati ishtirokchilari soni oshirilishi turnirning tomoshabopligini oshiradi. Bu fikr ushbu g‘oya tashabbuskori, FIFAning amaldagi prezidenti Janni Infantino tomonidan aytildi. Uning so‘zlari BBC News tomonidan keltirilgan.

«Bu faqatgina futbol nuqtai nazaridan qabul qilingan qaror, biz shundoq ham moliyaviy jihatdan yaxshi holatdamiz. Bu tarixiy qaror. O‘tgan mundiallarda Kosta-Rika Italiya va Angliyani yenggandi. Mundialda bu ishni takrorlashi mumkin bo‘lgan boshqa jamoalar ham bor. Ko‘plab terma jamoalar uchun saralashdan o‘tish imkoniyati kengayadi va ular futbolni rivojlantirishga e'tiborni kuchaytirishadi», — degan Infantino.

U shuningdek, JCh ishtirokchilari soni oshirilishi klublarning noroziligiga sabab bo‘layotganiga munosabat bildirib o‘tgan.

«Men klublarning fikrini qadrlayman. Biz turnir taqvimiga teginmaymiz, jahon chempionati kunlari futbolchilarga ortiqcha jismoniy bosim yuklamaydi. Turnir hozirgidagi kabi 32 kun davomida o‘tkaziladi. Finalgacha yo‘lda terma jamoalar maksimum 7ta uchrashuv o‘tkazadi. Turnir o‘yinlari hozirgidagi kabi 12 stadionda qabul qilinadi. Bu orqali biz ko‘plarning orzusini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin», — degan FIFA prezidenti.

Infantino shuningdek, Yevropa chempionatida ishtirokchilar soni 16tadan 24taga oshirilgani turnir tomoshabopligini oshirgani haqida qayd etib o‘tgan.

«Yevro-2016 tarixdagi eng qiziq turnir bo‘ldi. Barcha jamoalar o‘z imkoniyatlariga ishongan holda, butunlay boshqacha kayfiyatda o‘yinlarni o‘tkazishdi. Turnirdagi ba'zi jamoalar ilk marta shunday katta musobaqaga kelgandi. Biz Uels, Islandiya, Shimoliy Irlandiya kabi terma jamoalarning guruh bosqichidan chiqqanini ko‘rdik. Men ishonamanki, jahon birinchiligiga qiziqish ham shu qadar yuqori bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan sport amaldori.

10 yanvar kuni FIFA kengashi 2026 yildan boshlab jahon chempionati ishtirokchilarini 48taga yetkazish haqida qaror qabul qildi. Jamoalar 3tadan 16 guruhga bo‘linadi. Keyingi bosqichga 2tadan jamoa chiqadi. Turnirda Yevropaga 16, Afrikadan 9,5, Osiyoga 8,5, Shimoliy va Janubiy Amerikaga 6tadan, Okeaniyaga bitta o‘rin berilishi kutilmoqda.

2026 yilgi jahon chempionati mezboni hali aniqlanmagan. Hozirda mezbonlik huquqi uchun AQSh, Hindiston, Xitoy, Ekvador, Boliviya, Peru, Paragvay, Yangi Zelandiya va Kanada kabi terma jamoalar da'vogar bo‘lib turibdi.

Oxirgi marta jahon chempionati ishtirokchilari soni 1998 yilgi mundialdan oldin, 24tadan 32taga oshirilgandi.

Mavzuga oid