O‘zbekiston | 11:00 / 30.01.2017
88580
2 daqiqa o‘qiladi

Lola Karimova-Tillayeva: Yuraklarimizda mangu qolajaksiz

30 yanvar — O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tavallud ayyomi kuni munosabati bilan prezidentning qizi Lola Karimova-Tillayeva Facebook sahifasida otasini xotirladi.

«Hamisha 30 yanvar kuni biz Sizni tavallud ayyomingiz bilan qutlashga oshiqar edik. Bugun esa o‘zgacha… Siz endi bizning oramizda yo‘qsiz, aziz otajonim… Shunday bo‘lsa-da, biz dildan doimo sizning borligingizni his etib turamiz… To qalblarimizdagi muhabbat abadiy yashar ekan, siz ham yuraklarimizda mangu qolajaksiz», — deb yozdi u.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi.

Marhum prezidentning xotirasini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va u birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida prezident siymosi tasvirlangan haykallar o‘rnatiladi.

Har yili Islom Karimov tavallud topgan sana — 30 yanvar kuni keng nishonlanadi, 2 sentabr kuni Xotira kuni sifatida yod etiladi.

Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratiladi hamda Islom Karimov siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalari chiqariladi.

Mavzuga oid