AQShdagi yana bir shtatda o‘lim jazosini ijro etishga ruxsat berildi
AQShning Arkanzas shtati oliy sudi shtat hukumatiga 12 yillik tanaffusdan so‘ng o‘lim jazosini ijro etishni tiklashga ruxsat berdi. Bunday qaror juma kuni chiqarilgan.
Ruxsat Qo‘shma Shtatlar oliy sudi Arkanzasdagi o‘lim jazosini kutayotgan mahbuslarning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqishdan bosh tortgach, berildi. Shtatda hammasi bo‘lib sakkizta shunday mahbus bor. Ular Arkanzasda 2005 yilda joriy etilgan o‘lim jazosiga vaqtinchalik moratoriyni cho‘zishni talab qilishdi hamda bunday jazoni amalga oshirishda qo‘llaniladigan zaharlovchi modda jinoyatchilarga “chidab bo‘lmas og‘riq” keltirayotganini ma'lum qilishdi. Bundan tashqari, da'vogarlarning bildirishicha, shtatda bunday preparatlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi firmalar nomini oshkor etishga qo‘yilgan taqiq qonunga xilofdir.
Sud o‘lim jazosini qo‘llashga rozi bo‘lganidan so‘ng, Arkanzas bosh prokurori Lesli Rutlej shtat gubernatoriga barcha sakkiz nafar mahbusga nisbatan o‘lim jazosini ijro etish muddatini aniqlash haqida rasmiy murojaat yubordi.
Shu bilan bir qatorda, shtat hukumati olingan ruxsatga qaramay, jinoyatchilarni inʼeksiyalar uchun kerakli dori vositalarisiz qatl eta olmaydilar. Associated Press agentligining xabar berishicha, hukumatda bor bo‘lgan “o‘lim ukoli”ga kerakli bo‘lgan tarkibiy qismlardan birining amal qilish muddati joriy yilning 1 yanvar kuni o‘z nihoyasiga yetdi, shuning uchun undan foydalanib bo‘lmaydi. Yangi preparat qachon xarid qilinishiga esa oydinlik kiritilmagan.
Arkanzas 2005 yildan beri mamlakatdagi oliy jazoga hukm qilinganlarni hayotdan mahrum etmaydigan janubiy shtatlar ichidagi yagonasi bo‘lib qolayotgandi. Bunga o‘ldiruvchi inʼeksiya bilan qatl etish borasidagi bir necha yillar davom etgan sud jarayonlari, shuningdek uning uchun kerakli bo‘lgan zaharlovchi moddalarning yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
So‘nggi yillarda AQShning ko‘plab shtatlari bunday turdagi zaharlar yetishmovchiligi bilan duch kelishdi. Bu ushbu moddalar ishlab chiqaruvchi Yevropa korxonalari ularni AQShga yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygani tufayli ro‘y berdi – ular o‘lim jazosiga qarshi chiqishmoqda.
Mavzuga oid
22:49 / 27.12.2024
AQSh «Gurjiston orzusi» yetakchisi Bidzina Ivanishviliga qarshi sanksiyalar joriy etdi
21:44 / 27.12.2024
Tramp ilgari surayotgan ommaviy deportatsiya 86 mlrd dollarga baholanmoqda
18:33 / 26.12.2024
«Uyda yolg‘iz» filmidagi mashhur uy sotib yuborildi
16:03 / 26.12.2024