Bugungi kun qahramonlarini Xo‘jaobodning “SAMO” fabrikasida topdim
Xalqimiz alqab kiyadigan “SAMO” trikotaj fabrikasi mahsulotlari yurtimizda juda mashhur. O‘zim andijonlik bo‘lganim uchun korxonaga borib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish niyatida edim. Viloyatning yana bir tumani Paxtaobodda bo‘lganimizda korxona tomonidan Uyg‘ur qishlog‘ida bunyod etilayotgan yangi 100 nafar aholini ish bilan ta'minlovchi fabrikada bo‘ldik. Yurtimizda tadbirkorlikka berilayotgan e'tibor va e'tirofning yana bir ijrosini ko‘rgach, “SAMO” ishlab chiqarish fabrikasiga borib, ish jarayoni haqida maqola yozishni niyat qildim.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida joylashgan “NIL-GRANIT” jamiyati qoshidagi “Samo” fabrikasi rahbarlaridan bir Akromjon G‘aniyev meni ochiq yuz bilan kutib oldi. Xalqimizda “Izlagan imkon topadi” degan hikmat bor. Maskanda amalga oshgan ishlar aynan mana maqolga mos. Yurtimizning chekka tumanida hukumatimiz tomonidan ishlab chiqarish, tadbirkorlikka berilayotgan imkoniyatlarning samarasini yaqqol namoyon etgan korxona bunyod bo‘libdi.
“1996 yili Erkinjon akamning tashabbusi bilan ish boshlagan edik. Qarangki, yaxshi niyatlar bilan 5 dona tikuv mashinasini ijaraga olib yo‘lga qo‘ygan tadbirkorligimiz, yillar davomida izlanish va mehnatlarimiz sabab o‘z mevasini bermoqda. Yangi ish boshlagan payt birinchi navbatda aholini sifatli trikotaj mahsulotlari bilan ta'minlashni maqsad qilgan edik. Tovarlarimiz bilan bozordagi raqobatni yengish oson bo‘lmagan. Avvaliga, sifati yuqori va shunga nisbatan narxi biroz qimmatroq bo‘lgan mahsulotlarimizning savdosi yurishmay ham turgan. So‘ng mahsulotlarimizdan foydalanib ko‘rishgach, sifatga bo‘lgan e'tibor o‘z natijasini berdi” ,-deydi Akromjon G‘aniyev.
Aytmoqqa oson... Hozir korxonada 400 nafar tuman aholisi ish bilan ta'minlangan. Ishlab chiqarishda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar havas qilgudek darajada. Korxonada 400 xil turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. “SAMO” brendi ostida yilning to‘rt fasli uchun chiqariladigan kiyimlarga nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham xaridor ko‘p. Eksport salohiyati o‘tgan yili 2 mln. 600 ming dollarni tashkil etgani korxona ta'sischilari tinimsiz izlanishda. Yaqinda viloyat hokimi Shuhratbek Adurahmonov boshchiligida delegatsiya bilan Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasidagi safar davomida korxona mahsulotlari bilan tanishgan o‘sha yurt tadbirkorlari “SAMO” vakiliga 8 mln. dollarlik shartnoma taklif qilishdi. Mana sizga tovarning - SIFAT darajasi.
Maskanda yaratilgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tishim lozim. To‘quv va tikuv sexlarida faoliyat yurituvchi ishchilarga 5 ta avtobus xizmat qiladi. Ishchilar uchun korxona hisobidan beriladigan tushlik uchun 300 kishiga mo‘ljallangan oshxona, dam olish va yuvinish xonalari... Xodimlar kredit va korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan olingan Yaponiyaning zamonaviy “Juki” tikuv dastgohlarida ishlaydilar.
“SAMO”ning ko‘rgazma zalidagi kiyimlarni ko‘rib havas qilasiz. Erkaklar, ayollar va bolalar uchun ishlab chiqarilgan liboslar sifati hech qanday mashhur chet el brendlarii mahsulotidan farq qilmaydi.
Tadbirkor kishilar vaqtni qadriga yetadigan bo‘ladi. To‘g‘risi, korxona rahbarlarini savollar berib, ish jarayonidan mosuvo qilganimga o‘zim xijolat chekdim. Lekin, meni maqola tayyorlashimning ham o‘z maqsadi bor. Xulosam shuki, shu kunning tadbirkori nimanidir bahona qilib: “Mana bu narsa amalga oshmayapti, harakatimiz zoye ketdi” deb o‘tirgandan ko‘ra, o‘z ustida ishlashi, mehnat qilishi kerak ekan.
“Yurtimizda biz tadbirkorlar uchun berilayotgan e'tibor tahsinga loyiq, biz bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishimiz kerak”,-deydi Akromjon G‘aniyev.
Biz esa, yurt aholisi farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan mana shunday tadbirkorlar safi yanada kengayishini istab qolamiz.
Elmurod Ermatov,
Andijondan Kun.uz sayti uchun tayyorlandi
Mavzuga oid
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024
Andijonda er-xotin is gazidan zaharlanib, vafot etdi
10:49 / 15.12.2024