Jamiyat | 10:49 / 01.05.2017
11032
2 daqiqa o‘qiladi

Brakonerdan pora olgan inspektor 3 yilga qamaldi

Foto: Torange.biz

Isfandiyor Sobirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ikki yil avval Buxoro viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Suv va suv resurslarini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida davlat inspektori vazifasida ish boshlagan vaqtda niyati toza, o‘z ishiga sidqidildan yondashadigan xodim edi. Biroq u oradan bir yil o‘tar-o‘tmas keskin o‘zgardi. Egallab turgan lavozimi doirasida qanday qilsa, mo‘may pul topish mumkinligi haqida o‘yladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Jondor tumanidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosining quyi oqimi Markaziy Buxoro kollektori hududida tegishli ruxsati bo‘lmasa-da, taqiqlangan qurollar va usullar bilan baliq tutayotgan odamlar uchrab turadi. Nazir Ilyosov esa shundaylardan edi. Inspektor uni qo‘lga olishi oson kechmadi. O‘zini suvga otib bo‘lsa-da, vazifasini bajardi, brakonerni qo‘lga oldi.

Endi I.Sobirov vakolati doirasida ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasi bilan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirib, jazo muqarrarligini ta'minlash maqsadida sudga yuborishi kerak edi. Ammo u bunday yo‘l tutmadi.

Ishni rasmiylashtirmaslik evaziga huquqbuzardan 100 AQSh dollari va 400 ming so‘m olgan Isfandiyor Sobirov qonun posbonlari tomonidan ushlanganini sezmay qoldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudining hukmiga binoan I.Sobirovga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. 

Mavzuga oid