Jahon | 11:58 / 14.05.2017
6273
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy forum vaqtida hamkorlik bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolashni istamoqda

Xitoy Pekindagi forum vaqtida 30dan ortiq mamlakatlar bilan savdo va biznes kelishuvlari tuzishni rejalashtirgan. Bu haqda XXR raisi Si Jinping «Bir makon, bir yo‘l» ochilishi marosimi vaqtida aytib o‘tdi.

«Forum davomida Xitoy 30dan ortiq davlatlar bilan savdo va biznesdagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar tuzmoqchi. Shuningdek, ma'lum davlatlarda erkin iqtisodiy hududlar tashkil etish bo‘yicha maslahatlashuvlar boshlanadi», degan xitoyliklar rahbari.

Bugun Xitoy poytaxti Pekin shahrida xalqaro hamkorlik bo‘yicha «Bir makon, bir yo‘l» strategiyasi doirasidagi oliy darajadagi forum ochildi. Unda dunyoning 29 mamlakat rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forum konsepsiyasi ilk bor XXR raisi Si Jinping 2013 yilning kuzida Markaziy Osiyo davlatlari va Indoneziyaga tashrif buyurganda ochiqlangan edi. «Bir makon, bir yo‘l»ni barpo etish Xitoyning yangi hukumati oldiga qo‘yilgan muhim masalalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. O‘shanda XXR tashqi ishlar vaziri Vang Yi bu tashabbusni amalga oshirish 2015 yilda XXR tashqi siyosiy faoliyatining «fokusi»ga aylanishi aytib o‘tgan edi.

Xitoy tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbusning mohiyati — Xitoy ishtirokidagi mavjud mintaqaviy ikki tomonlama va ko‘ptomonlama mexanizmlar va o‘zaro ta'sir strukturalarini mustahkamlagan holda, xalqaro hamkorlik va taraqqiyotning yangi modelini izlab topish, shakllantirish va ilgari surishni nazarda tutadi. Qadimiy Ipak yo‘li ruhiyatini rivojlantirish va davom ettirish asnosida «Bir makon, bir yo‘l» mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy ravnaq topishini rag‘batlantirish, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi turli sohalardagi madaniy ayriboshlash va aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish yotadi.

Xitoyning rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, «Bir makon, bir yo‘l» rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, yangi iqtisodiyotlar va rivojlangan davlatlardan iborat Yevroosiyo materigining katta qismini qamrab oladi. Megaloyiha hududida juda boy resurslar zaxiralari bor, bu yerda Yer kurrasining 63 foiz aholisi istiqomat qiladi, taxmin qilinayotgan iqtisodiy miqyos esa 21 trillion AQSh dollariga teng.

Mavzuga oid