Jahon | 17:45 / 10.06.2017
43124
3 daqiqa o‘qiladi

Qatar tashqi ishlar vaziri Moskvaga nega keldi?

Foto: RIA "Novosti"

Doha Moskva bilan konstruktiv ruhdagi muloqotni davom ettirishga umid qilmoqda. Bu haqda Qatar TIV rahbari Muhammad bin Abdurahmon al Taniy Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

"Biz mintaqaviy holat masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘tkazdik hamda umid qilamizki, ikki do‘stona davlat o‘rtasidagi bunday hamkorlik kelajakda ham davom etadi", - degan al Taniy.

Sergey Lavrovning ma'lum qilishicha, Moskva Fors ko‘rfazi davlatlari uchun asosiy tahdid – bu terrorizm ekaniga, u bilan samarali kurash uchun esa mintaqa davlatlari va tashqi o‘yinchilar birdamligini ta'minlash kerakligiga ishonchi komil.

"Albatta, ro‘y berayotgan narsalar ichida eng asosiysini ko‘rish muhim, asosiysi esa, bizning fikrcha, mintaqa va undan tashqaridagi davlatlar uchun bugungi kundagi eng asosiy tahdid – terrorizmdir. Bu tahdidning oldini olish va yo‘q qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish, hamkorlikka birlashish juda muhim", - degan Lavrov al Taniy bilan muzokaralar davomida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu frontdagi maksimal darajada samarali harakatlar uchun ham Arab davlatlari ligasi, ham Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashida birdamlikni ta'minlash kerak".

Qatar TIV rahbari Rossiyaga qator mamlakatlar Doha bilan diplomatik aloqalarni uzishganidan keyingi oqibatlarni bartaraf etishdagi yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

"Qatarga qarshi kiritilgan noqonuniy choralar oqibatlarini yengib o‘tishda yordam taklif qilgan Rossiya muassasalariga minnatdorlik bildirmoqchiman. Men davlatlarimiz o‘rtasidagi shunday hamkorlikni juda qadrlayman", - dedi u.

"Men shuni tasdiqlamoqchimanki, Qatar barcha ziddiyatlarni muloqot yordamida hal etilishiga oid o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmaydi, hamda Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi bunday muloqot uchun eng qulay shakldir", - dedi al Taniy.

"Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Rossiyani Qatarga qarshi kiritilgan choralar, hodisalar bilan tanishtirish. Xususan, mamlakatimizga nisbatan qabul qilingan noqonuniy choralar bilan ham. Qatar barcha ziddiyatni muloqot yo‘li bilan hal qilish bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmaydi", - dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, BAA, Misr, Yaman, Liviya, Maldiv, Mavrikiy, Mavritaniya va Komor esa Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishdi hamda ushbu mamlakatni terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblashdi.

Mavzuga oid