Jahon | 20:40 / 19.08.2017
6194
2 daqiqa o‘qiladi

JARda vazir o‘rinbosarlaridan biri ayol kishini urgani uchun ishdan bo‘shatildi

Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Jyeykob Zuma oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Mduduzi Mananani avgust boshida Yoxannesburgdagi tungi barda ayol kishini kaltaklagani uchun ishidan bo‘shatdi.

Ushbu voqea bilan bog‘liq mojaro ijtimoiy tarmoqlarda Manana Mandiza Duma ismli ayolni kaltaklayotgani videosi va ayol olgan jarohatlar surati paydo bo‘lgandan keyin avj olgan. Manananing bu qilmishini JARdagi hukmron partiya hisoblanmish Afrika milliy kongressi qoralagan, politsiya ishlari bo‘yicha vazir Fikile Mbalula ushbu holat yuzasidan jinoiy ish ochilgani va tergov boshlanganini ma'lum qilgan.

33 yoshli Manana ayoldan, uning oilasi va butun JAR halqidan qilmishi uchun kechirim so‘ragan. “Ochiqcha ig‘voga qaramasdan, meni o‘zimni bosiq tutishim kerak edi”, deb aytgan endilikda sobiq amaldor. Voqeaga nima sabab bo‘lgani rasman ma'lum qilinmagan, biroq ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinishicha, ayol Mananani besoqolboz deb atagan.

Ushbu mojaro JARda ayollarni zo‘ravonliklardan asrash oyligi sifatida nishonlanayotgan vaqtda yuz bergan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash ushbu mamlakatda eng ko‘p tarqalgan jinoyatlardan hisoblanadi. Ko‘plab jamoatchilik tashkilotlari Manananing iste'fosini talab qilishgan.

Mavzuga oid