O‘zbekiston | 01:40 / 20.08.2017
14563
4 daqiqa o‘qiladi

Jarqo‘rg‘onda yirik korxonalar ishga tushishi rejalashtirilmoqda

«Kimda qanday muammo bor?». Surxondaryo viloyat hokimi rahbarligidagi ishchi guruh ushbu savol bilan Jarqo‘rg‘on tumani aholisiga yuzlandi, deb xabar qilinadi viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Feysbukdagi sahifasida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlarini hal etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali aholi farovonligini ta'minlash muhim vazifa sifatida belgilab berilgan.

Jarqo‘rg‘on tumani aholisining turmush sharoitini yanada yaxshilash, xotin-qizlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bandligi ta'minlash, yechimini kutayotgan muammo va masalalarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan sayyor qabul tashkil etildi.

Aholi bilan o‘tkazilgan muloqot jarayonida insonlarning dardini eshitish, og‘irini yengil qilish, muammo va masalalar yechimini topishga alohida e'tibor qaratildi. Uchrashuvda tuman aholisidan jami 83 ta murojaat qabul qilindi. Ularning asosiy qismi uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj, tomorqalarni sug‘orish, ishga joylashish, ichki yo‘llarni ta'mirlash kabi masalalardir.

Sayyor qabulda fuqarolardan tushgan murojaatlarning ko‘pchiligi mahalla, tuman miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalardir. Bu borada «Mahalla» xayriya jamoat fondining tuman bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati qoniqarli emasligi, shu bois, mahalla faollari uyma-uy yurib, odamlar bilan uchrashib, ularning muammo va masalalarini hal etishi, yoki tegishli idoralarga olib chiqishi lozimligi alohida ta'kidlandi.

Muloqot jarayonida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb etish, tomorqalardan samarali foydalanish kabi masalalar ham e'tibor markazida bo‘ldi. Xususan, «Jarqo‘rg‘on parranda» MChJ tomonidan 1,5 mln. dollar qiymatidagi 1 mln. dona tovuq boqishga mo‘ljallangan yirik parrandachilik kompleksini ishga tushirish maqsadida ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Mazkur loyihaning birinchi bosqichi shu yilning sentabr oyida, ikkinchi bosqichi 2018 yil 2-chorakda ish boshlashi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida kamida 120 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, kuniga 600 ming dona tuxum mahsuloti qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi.

«Surxonteks» qo‘shma korxonasida ham umumiy qiymati 25 mln. dollar bo‘lgan yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlangan. Buning natijasida 200 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Jarqo‘rg‘on tumanida «Surxonsementinvest» xorijiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 46,7 mln. dollar bo‘lgan, yiliga 360 ming tonna portland sement ishlab chiqarish quvvatiga ega zavodni ishga tushirish borasida ish olib borilmoqda. Loyiha to‘la quvvat bilan ish boshlagach 450 nafar kishi ish bilan band bo‘ladi.

Jarqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan xalq bilan muloqot jarayonida aholining barcha masala va murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi viloyat hokimligining nazoratiga olindi.

Mavzuga oid