Jahon | 09:50 / 11.10.2017
9765
2 daqiqa o‘qiladi

«Muxolifatni ta'qib qilish to‘xtatilishi kerak» - HRW Dushanbega chaqiriq bilan chiqdi

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian Yevropa Ittifoqi va Tojikiston inson huquqlari bo‘yicha har yilgi muloqotining to‘qqizinchi raundida ishtirok etadi. Bu haqda YeI maxsus vakilining Bryusseldagi ofisi 10 oktabr kuni xabar bergan.

Muloqotning navbatdagi raundi Dushanbe shahrida 12 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Har yilgi yuqori darajadagi muloqot arafasida Human Rights Watch (HRW) xalqaro nodavlat tashkiloti Yevropa Ittifoqini muxolifat tarafdorlarini ta'qib qilishni to‘xtatish uchun Tojikiston hukumatiga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

HRW’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha ofisi rahbari Stiv Sverdlov 10 oktabr kuni Bryussel va Dushanbe o‘rtasida inson huquqlari bo‘yicha oliy darajadagi muloqot o‘tgan yilning yozida bo‘lib o‘tgani haqida ma'lum qildi. O‘shanda Tojikistondagi inson huquqlari ahvoli davlatning Sovetlar Ittifoqi davridan keyingi butun tarixi ichida eng yomoni bo‘lgan.

Uning eslatishicha, muloqotdan bir hafta oldin mamlakat Oliy sudi Tojikistonda taqiqlangan Islomiy uyg‘onish partiyasi raisining o‘rinbosarlari Saidumar Husayni va Mahmadali Hayitni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Partiya siyosiy kengashining boshqa a'zolari va faollari ham uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Stiv Sverdlov YeIga qilgan murojaatida uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum qilingan advokatlar Shuhrat Qudratov, Buzurgmehr Yorov va Nuriddin Mahkamovning taqdiri haqida ham tashvish bildirgan. HRW’ning ma'lum qilishicha, so‘nggi ikki yil ichida hukumat bosimi tufayli Tojikistondan fuqarolarning chiqib ketishi ortgan.

Mavzuga oid