Jamiyat | 08:39 / 18.10.2017
8935
2 daqiqa o‘qiladi

2017 yilgi Buker mukofoti amerikalik yozuvchiga nasib etdi

Amerika yozuvchisi Jorj Sonders Man Booker Prize-2017 mukofotiga munosib topildi. Bu haqda Londonda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda e'lon qilindi. 

Sonders ingliz tilidagi adabiyotlar yo‘nalishida «Bardodagi Linkoln» nomli romani uchun bosh sovringa loyiq ko‘rildi. U AQShning ushbu obro‘li mukofotni qatorasiga ikkinchi marta okeanortiga olib ketayotgan yozuvchi bo‘ldi. 50 ming funt sterling (66,6 ming dollar) bo‘lgan sovrinning 2016 yildagi mukofotini yana bir amerikalik Pol Bit olgan edi. 

58 yoshli Sondersning asari o‘limni o‘ziga xos tadqiq qilish bo‘ldi. Asosan hikoyalari bilan tanilgan yozuvchining romani AQSh prezidenti Avraam Linkolnning (1809-1865) Fuqarolik urushi avvalida 11 yoshida hayotdan ko‘z yumgan o‘g‘li Villining qabriga borgan holatini tasvirlaydi. Linkoln Jorjtaundagi qabristonda buddalarning "bardo" deb ataydigan holatga tushib qoladi va halok bo‘lganlarning arvohlari bilan qiziqarli va larzaga soluvchi muloqot qiladi. 

Sondersning aytishicha, u bu romanini 20 yil mobaynida qalbida saqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asar o‘quvchini 155 yil avvalgi davrga olib ketsa-da, aslida u bugungi kunda ham dolzarbdir. 

Ma'lumot uchun, Buker mukofoti 1969 yilda ta'sis etilgan bo‘lib, ingliz adabiyoti bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli sovrinlardan biri hisoblanadi.

2017 yilgi Buker mukofotiga Sondersdan tashqari «Kuz» (Ali Smit), «Bo‘rilar tarixi» (Emili Fridlund), «G‘arbga chiqish» (Muhsin Hamid), «Elmet» (Fiona Mozli) va «4321» (Pol Oster) da'vogarlik qilishgandi. 2013 yilgacha mukofot faqat Birlashgan qirollik va hamdo‘stlik mamlakatlari yozuvchilariga topshirilgan.

Mavzuga oid