Jahon | 23:05 / 29.10.2017
11338
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda qirol Rama IX'ning dafn marosimi nihoyasiga yetdi

Foto: EPA-EFE/NARONG SANGNAK

Besh kunlik dafn marosimi yakshanba kuni Bangkokda nihoyasiga yetdi: 70 yil davomida Tailandni boshqargan qirol Pumipon Adulyadet (Rama IX)ning kuli saqlash uchun ikki budda ibodatxonasida yetkazildi.

Mantra va boshqa diniy urf-odatlardan iborat marosim mamlakatning barcha telekanallaridan jonli translyatsiya qilindi. Rama IX'ning yagona o‘g‘li Maxa Vachiralongkorn (Rama X) joylashgan avtoulov kul solingan bir urnani dastlab Bangkokdagi Ratchabofit ibodatxonasiga yetkazdi. Chakri qirollik sulolasi barcha vakillarining qoldiqlari an'anaga ko‘ra, o‘sha yerda saqlanadi. Yana bir urna esa bir vaqtlar yosh Pumipon Adulyadet uchun boshpana vazifasini o‘tagan Bovonnivet budda ibodatxonasiga yetkazilgan.

Motam kortejini qirollik kavalerchilari boshqarishdi. 77 otliq askardan iborat eskadronga marhum monarxning nevarasi va amaldagi qirolning qizi malika Sirivanvarinarirat boshchilik qildi. 

O‘tgan yili hayotdan ko‘z yumgan Tailand qiroli Rama IX bilan xayrlashuv 25 oktabr kuni Bangkokda boshlangan. 26 oktabr kuni 200 nafarga yaqin qirollik aholisi va xorijiy mehmonlar guvoh bo‘lgan dafn marosimidan so‘ng qirol Pumipon Adulyadetning tanasi krematsiya qilindi. Ertasiga Rama X otasining kulini yig‘ib, ularni shaxsan Katta qirollik saroyi va Zumrad Budda ibodatxonasiga olib bordi. To‘rtinchi kuni budda mantralari o‘qilib, monaxlarga sadaqa qilindi. 

Rama IX 2016 yilning 13 oktabrida 88 yoshda davomli kasallikdan keyin hayotdan ko‘z yumgan. Shundan so‘ng monarxning jasadi Katta qirollik saroyiga yetkazilgan. Bir yillik xayrlashuv davomida qirolni 12 milliondan ziyod kishi ziyorat qilgan. 

Mavzuga oid