O‘zbekiston | 14:59 / 30.10.2017
21138
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent-Qoshg‘ar» avtopoygasiga start berildi

Foto: KirTAG

30 oktabr kuni «Toshkent - Andijon (O‘zbekiston) - O‘sh - Irkeshtam (Qirg‘iziston) – Qoshg‘ar (Xitoy)» yo‘nalishi bo‘ylab sinov ko‘rinishidagi xalqaro avtomobil poygasiga start berildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyalarining rahbarlari tantanali ma'ruza qilib, ushbu yo‘lak tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va Markaziy Osiyoda yuklarni yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirish nuqtai nazaridan muhimligini ta'kidladilar.

Sinov tarzidagi avtomobil poygasida uch davlatning 9 ta avtotransport vositasi ishtirok etmoqda. Avtokarvonning harakatlanish yo‘nalishi bo‘yicha umumiy qatnov masofasi 900 km.ni tashkil etadi: Qirg‘iziston hududidan (O‘sh-Irkeshtam) – 260 km., XXRning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani hududidan (Irkeshtam-Qoshg‘ar) – 250 km.

Qulay iqlim sharoiti va chegara o‘tish joylarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan navbatlarning yo‘qligida, yo‘nalish bo‘ylab tranzit vaqti avtokarvonning harakatlanish tezligi o‘rtacha 50-60 km/soatni tashkil etgan holda 2 kun davom etadi.

Qirg‘izistondagi Sari-Tosh shahar tipidagi posyolok va Irkeshtam dovoni orqali o‘tuvchi yo‘l Farg‘ona viloyatidan Xitoyga eng qisqa avtoyo‘l hisoblanadi.

Ayni damda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tashuvlar asosan temir yo‘l transporti orqali Qozog‘iston-Qirg‘iziston o‘tkazish punktlari orqali amalga oshiriladi, bu esa xarajatlarning ortishi va vaqtning ko‘proq sarflanishiga olib keladi.

Mavzuga oid