Jamiyat | 18:18 / 17.12.2017
130227
4 daqiqa o‘qiladi

Bozorning buzilishiga kim buyruq bergan?

Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaatda yozilishicha, Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani hokimligi bir nechta tadbirkorlarning shaxsiy mol-mulkini noqonuniy ravishda buzib, hech qanday qaror yo hujjatsiz yangi obekt qurilishini rejalashtirmoqda. Kun.uz muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida Surxondaryo viloyatiga yo‘l oldi.

Ma'lum qilinishicha, Muzrabot tumanidan o‘tuvchi M-39 magistral yo‘li yoqasida joylashgan dehqon bozori so‘nggi paytda zamonaviy foydalanish talablariga javob bermay qolgan. Bozor atrofida joylashgan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlariga ega bo‘lgan tadbirkorlar o‘z xohishiga ko‘ra, binoni buzish va qayta qurish bo‘yicha tilxat (yoki tushuntirish xati) ko‘rinishida yozma rozilik xatiga imzo qo‘ymoqda. Ularning aytishicha, ayni vaziyatda shubhali bir holat yuzaga kelgan. Gap shundaki, bozor hududidan tashqarida joylashgan xususiy mulk egalari hech qanday mol-mulk kafolati haqida xat olmagan yoki hokimning tegishli qarori bilan tanishtirilmagan. 

Agar bu majburiy buzish ishlari hisobidan bo‘lsa, hokimlik ma'lum miqdorda kompensatsiya puli berib, o‘rnatilgan tartibda qurilish ishlari olib borilishi shart. Bu mashmasha esa deyarli bir yildan buyon cho‘zilib kelmoqda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tuman hokimi o‘rinbosari Qilich Karimovning ta'kidlashicha, «Yurtim Jamoli» mahallasida joylashgan Dehqon (oziq-ovqat) bozori hamda uning atrofida faoliyat yuritayotgan «Savdo do‘koni» binolarini shaharsozlik talablari asosida qayta rekonstruksiya qilish bo‘yicha tuman hokimining tegishli qarori mavjud.

Ushbu qarorda aytilishicha, tuman «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi rahbari S.Davlatov zimmasiga «​mazkur obektlarda qurilish ishlari yakuniga yetganidan so‘ng, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vazifasi yuklatilgan»​. Soddaroq qilib aytganda, bozor va uning atrofidagi savdo do‘konlari qayta ta'mirdan chiqarilgach, yangi do‘konlar yana shaxsiy mulk egalariga rasmiylashtirib beriladi. Ayni shu so‘zlarni tuman hokimi o‘rinbosari ham takrorladi.

«​Mulkka egalik huquqi kadastr tomonidan tasdiqlangan har bir tadbirkorning yeri o‘ziga rasmiylashtirib beriladi. Tumanimizni obod qilishning nimasi yomon, axir o‘zi qurib, biz talab qilgan shartlar bo‘yicha obektni bitkazadi»​, deydi u.

Kun.uz muxbiri qo‘lga kiritgan izoh bilan tadbirkorlar bilan yana suhbatlashishga qaror qildi. Ularning aytishicha, bir yil davomida mana shunday tushuntirish berilmay, hamma buzish ishlari tund holatda olib borilgan. 

«Mana, hokimlikning qarori bor ekan, shunday rejasi va tartibi belgilangan ekan, nega bizga xabar qilmaydi? Axir, bir yildan oshiq vaqt o‘tmoqda! Biz ham savdo qilishni, daromad topishni istaymiz-ku. Endi barchasi oydinlashdi», deydi tadbirkorlardan biri.

Har doimgidek, xulosa o‘quvchining o‘zidan: bu masalada hech kim haq yoki nohaq ekanligini ko‘rsatmoqchi emasmiz. Shunchaki, olib borilayotgan islohot, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqqa to‘g‘ri targ‘ib qilinishi lozim. Barcha bilan bamaslahat ish olib borish, qadim xalqimizning azaliy odobi hisoblanadi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid