Jamiyat | 12:33 / 26.12.2017
18191
2 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Andijonda 82 nafar nogiron fuqarolarga uy-joylar berildi

Foto: KUN.UZ

Bugun Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida mehnatga layoqati cheklangan, uy-joyga muhtoj 82  nafar  fuqarolarga boshlang‘ich badallari to‘lab berilgan uy-joy va Prezident sovg‘alari topshirildi.

Ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida, saxovatpesha insonlar tomonidan 82 mln. so‘m mablag‘ hisobiga zamonaviy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlari ham hadya qilindi.

Viloyatda qish mavsumida fuqarolarning ko‘mir va gaz ballonlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida shu kungacha 5330 ta xonadonga 2665 tonna ko‘mir va 1824 ta xonadonga gaz ballonlari bepul yetkazib berilgan.

Oltinko‘l tumanidagi Oraziy qishlog‘ida hamda Andijon tumanidagi nogironligi bor fuqarolarga uy-joy va sovg‘alar topshirish tadbiri Yangi yil bayramlariga ulanib ketdi.

“Erim Eldorbek tug‘ma nogiron, o‘zim ham II- guruh nogironiman. Ikki nafar farzandimiz bor. Uchta kelin bir uyda o‘tirar edik, bizga berilgan imkoniyatlar tufayli barcha qulayliklarga ega uy-joyga ega bo‘ldik”,- deydi Xondibog‘i qishlog‘idan Zebunniso Jumaboyeva.

Andijon tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov topshirilgan uylardagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon
Muallif olgan fotosuratlar

Mavzuga oid