Sport | 13:00 / 28.12.2017
52040
12 daqiqa o‘qiladi

Yil yakunlari. Jahon futbolidagi eng asosiy voqealar

Voqealarga boy bo‘lgan 2017 yil ham tugab bormoqda. Quvonchli, alamli lahzalarga to‘la bo‘lgan davrda futbol olamida ham alohida qayd etish uchun yetarlicha voqealar ro‘y berdi. Tribuna.Uz o‘tgan yilning eng asosiy voqealarini tuzib chiqdi.

Yil jamoasi — «Monako»

Foto: eurosport

Ha, ular quyi diviziondan chiqib darhol chempionatni yutib ketgani yo‘q. Ha ular ketma-ket yigirmatalab o‘yinni yutgani yo‘q, ha ular ketma-ket ikki marta YeChLda g‘alaba qozonishdek ishning yarmini ham bajara olishmadi. Ammo Leonardu Jardim shogirdlari ko‘rsatgan futbol hali hamon futbol turli pullar va shishirilgan imkoniyatlardan ustunroq ekanini ko‘rsata oldi. Katta tezlik, yuqori energiyaga asoslangan futbol evaziga jamoa aqlbovar qilmas pullar sarflayotgan «PSJ»ni chempionatda 8 ochkoga ortda qoldirib ketdi. Yevropa chempionlar ligasi yarim finaliga qadar yetib bordi. Bularning barchasiga ultra-hujumkor o‘yini bilan erishgani tahsinga sazovor.

Ha, aytgancha, jamoa chempionatda ketma-ket 16 uchrashuvda g‘alaba qozonib, Fransiya rekordini o‘rnatdi. Lekin asosiysi bular emas. Eng asosiysi «Monako» bu safar «yulduzlar fabrikasi» rolini o‘ynab berdi va futbol olamiga bir qator yangi yulduzlarni yetkazib berdi. Kilian Mbappe, Bernardu Silva, Benjamen Mendi, Fabino, Toma Lemar, Tiyemue Bakoyoko kabi futbolchilarni bir yil oldin ko‘pchilik tanimasdi. Ammo aynan 2017 yil ular ko‘rsatgan o‘yin bilan ikki marta ketma-ket YeChLda yutgan «Real»ning va total futbol bilan hammani hayron qoldirayotgan, yengilmas «Manchester Siti»ni soyada qoldirib keta oldi.

Yil inqilobi — VAR

Foto: Gool FM

FIFA yozda futbolda inqilob — yangi texnologiyalar olib kirilishini ma'lum qildi. Endilikda uchrashuvda hakamlar videotakrorlar yordamida o‘yinlarni boshqarishi mumkin bo‘ldi. Avvaliga Rossiyada o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida bu texnologiyalardan foydalanib ko‘rildi. Endilikda Germaniya, Italiya va Shimoliy Amerika milliy chempionatlarida bu tizimdan to‘liq foydalanilmoqda. Ko‘rinishidan o‘yin tempini o‘ldirib qo‘yishi mumkindek ko‘ringan bu yangilik qaysidir o‘rinda odilona qarorlari bilan ham qo‘l keldi. Hozircha ba'zi savollar ham mavjud. Lekin eng asosiysi, kelayotgan yilda futbol olamining eng nufuzli musobaqasi - jahon chempionatida ham bu texnologiyalardan foydalanishi kutilmoqda. Shuningdek, Ispaniya chempionati ham bu borada deyarli bir to‘xtamga keldi. Aftidan, bu tizim butkul yo‘qolib ketmasligi aniq. 2017 yil esa uning tug‘ilishi sifatida tarixda qoladi.

Yil kashfiyoti

Foto: Chempionat

So‘zsiz, Kilian Mbappe. Fevralgacha Fransiya chempionatiga o‘ta qiziquvchilargagina ma'lum bo‘lgan 18 yashar yigit YeChL 1/8 finalidan boshlab maygacha bo‘lgan muddatga xuddi chaqmoq kabi futbol olamiga kirib keldi. «Monako» uchun atalgan yilda jamoasining YeChL yarim finaliga qadar yetib borishida Kilianning hissasi katta bo‘ldi. 6 oylik yuqori saviyali o‘yini uchun unga 180 million yevro berishgani esa bejizga emas. Hozircha u «PSJ»da ham yo‘qolib qolayotgani yo‘q.

Yil muvaffaqiyatsizligi — Italiya terma jamoasi

Foto: Reuters

60 yil deganda Ilk marta Italiya terma jamoasi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi jahon chempionatida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. Avvaliga «Skuadra Adzurra» saralash guruh bosqichida Ispaniyaga yutqazib birinchi o‘rinni boy berdi. Keyinchalik pley-off bosqichida Shvetsiya terma jamoasiga qarshi ikki uchrashuvda birorta ham to‘p kirita olmasdan (0:0, 0:1) final bosqichidan quruq qoldi.

JCh-2018dan so‘ng faoliyatini yakunlash niyatida bo‘lgan Buffon ko‘z yoshlari bilan bu ishni vaqtliroq amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Jampero Ventura sharmandali ravishda terma jamoa bosh murabbiyligidan chetlatildi. Hozirgacha uning o‘rni bo‘sh qolib kelmoqda.

Yil kambeki. «Barselona»

Foto: Reuters

Balki bu barcha davrlarning eng yaxshi kambekidir. Balki futbolda bu kabi katta qaytish boshqa kuzatilmas ham. Yevropa chempionlar ligasi tarixida hali hech bir klub pley-offning birinchi uchrashuvida 0:4 hisobida yutqazganidan so‘ng javob uchrashuvida o‘zi uchun kerakli natija bilan keyingi bosqichga o‘ta olmagandi. Ammo «Barselona» buni uddalay oldi. Uddalaganda ham dahshatli tarzda, uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida kiritilgan 3 gol bilan isbotladi. So‘nggi gol esa 90+6-daqiqada kiritilgandi.

Agar hozirga qadar bu o‘yinni ko‘rmagan bo‘lsangiz, albatta ko‘ring. Shunchaki «haylayts» yoki gollar bilan buni his qila olmaysiz. O‘yinni boshidan oxiriga qadar jonli sharhlangan o‘yinni ko‘ring. Siz (balki) yaqin 100 yillikda boshqa takrorlanmas voqea bo‘lgan bo‘lishingiz mumkin.

Yil murabbiyi — Xosep Gvardiola

Foto: REUTERS/Darren Staple

«Angliyaga birinchi marta kelganimda, ko‘pchilik bu yerda men qurgan uslub o‘tmasligini ta'kidlagandi. Lekin shunda ham fikrimdan qaytmadim. Biz bugun ularning fikri noto‘g‘ri ekanini isbotlay oldik. Faqat g‘alabalardan emas, buni aynan biz xohlagan o‘yin uslubi bilan qo‘lga kiritayotganimizdan baxtiyorman», degandi Gvardiola Angliya premer-ligasidagi g‘alabali seriya rekordini takrorlagan «MYu»ga qarshi g‘alabali o‘yindan so‘ng.

Darhaqiqat, Gvardiola Angliyaga tashrif buyurgan dastlabki mavsumda kutilgan natijalarga erisha olmadi. Jamoa barcha sovrinlarni boy berdi. Ammo o‘tgan mavsum so‘ngiga kelib, jamoa o‘yinida sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshlagandi. Yangi mavsumda esa barchasi yuzaga chiqdi. «Bu yerda senga, «Osasuna» yoki «Hannover» yo‘q, bu yer Angliya, «Suonsi» yoki «Vest Bromvich» ham seni qiynab qo‘yishi mumkin», deganlarga ketma-ket g‘alabalari bilan isbotlab qo‘ydi.

Yil revolyutsionerlari — Kevin De Bryuyne va Harri Keyn

Foto: Bleacher Report

Futbol olami so‘nggi 10 yildan beri bitta savolni o‘zaro tortishib keladi. Messi yoki Ronaldu? Ronaldu yoki Messi. 2017 yilga kelib birinchi marta bu savolga qo‘shimcha paydo bo‘la boshladi. Kevin de Bryuyne hozirning o‘zida dunyoning eng yaxshi futbolchisimi? Albatta 10 yil bir mavzuda gaplashgan konservativ muxlis uchun bu g‘alati savol bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo so‘nggi 4 oyda belgiyalik futbolchi ko‘rsatgan o‘yin statistikasi ham, o‘yin sifati ham eng kamida shu savolni berish uchun yetarli bo‘ldi.

To‘g‘ri, ko‘pchilikda Messi va Ronaldudan keyin Neymar asosiy yulduz bo‘ladi. «Oltin to‘p»ni u birinchi yutadi degan fikr bor. Ammo Neymar buni isbotlash uchun yangi klubga o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Yangi klubda buni isbotlash uchun esa hozircha imkon bo‘lganicha yo‘q. «PSJ» Neymar kelgan 4 oydan buyon hozircha hal qiluvchi o‘yinlarni o‘tkazmadi va uning bu nomga qay darajada munosib ekanini eng kamida fevralda «Real»ga qarshi o‘yinda bilib olamiz. De Bryuyne esa Gvardiola qo‘li ostida fantastik mavsumni o‘tkazmoqda va haqli ravishda mutaxassis va muxlislar orasida hech bo‘lmasa shu savolni paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lib turibdi: «De Bryuyne dunyoning eng yaxshi futbolchisimi?»

Harri Keyn esa hujumchi sifatidagi statistik ko‘rsatkich bo‘yicha revolyutsiyani amalga oshira oldi. 8 yildan buyon yo Messi yo Ronaldu taqvim yilida eng ko‘p gol urib kelishardi. Joriy mavsumda ham aftidan shu ikki futbolchi o‘zaro o‘yinda to‘purar nomini aniqlashi kutilgandi. Ammo yakunda Keyn bu nomni ilib ketishni uddalay oldi. Ingliz hujumchisi nafaqat APL taqvim yilida gol urish (39ta) bo‘yicha rekordni yangiladi, balki Messi va Ronaldu 8 yildan buyon gegemonlik qilib kelayotgan barcha musobaqalar to‘purari (56ta gol) degan nomni ham o‘ziniki qilib oldi.

Bu yildan keyin kelingan xulosa shu bo‘ldiki, nihoyat «Oltin to‘p»ni boshqa futbolchilar qo‘lga kiritishi ham mumkin: buning uchun mavsum so‘ngida asosiy sovrinlarni qo‘lga kiritish katta qadam bo‘ladi. Shu paytgacha esa o‘sha Riberisi ham, Noyyer-u, Sneyder Inestalar ham bu nomga da'vogarlik qila olishmasdi.

Yil transferi — «PSJ» «dubli»

Foto: Bleacher Report

Fransiyaning «PSJ» klubi Yevropa chempionlar ligasi nimchorak finalidagi sharmandali natijadan so‘ng yakuniy qarorga keldi. Moliyaviy «feyr-pley» talablarini buzib bo‘lsada, jamoaga TOP-yulduz olib kelinishi kerak. Buning uchun janjalli bo‘lsada Neymar transferi amalga oshirildi. Oldingi transfer rekordidan 2 baravar ko‘proq narxga braziliyalik futbolchi sotib olindi va bu nafaqat transfer shov-shuvini keltirib chiqardi. Balki, bozordagi muvozanatning ham buzilishiga sabab bo‘ldi. 25 kun o‘tib jamoa endi hali 6 oy o‘zini ko‘rsata olgan Mbappe uchun 180 million yevro to‘ladi.

Ikki futbolchi uchun sarflangan 402 million yevro o‘zini oqlaydimi-yo‘qmi buni noma'lum. Barcha savollarga YeChLning bahorgi mavsumi oydinlik kiritib beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, 2018 yil 2017 yilgidanda qiziqroq bo‘lishi kutilmoqda. Jahon chempionati, liderlari o‘zgarayotgan Yevropa chempionlar ligasining o‘ziga xos intrigalari va boshqalar. Hozircha esa o‘tgan yilni yodimizga solib turgan asosiy voqealar shulardan iborat. Bir yil o‘tib yanada qiziqroq voqealarga to‘xtalishdan umidvormiz.

Azamat Murodov

Mavzuga oid